Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon o‘zining oylik maoshini maktablar qurilishi bo‘yicha milliy kompaniya hisobiga o‘tkazib, bu haqdagi va’dasini 48 soatdan kam vaqt ichida bajardi. Bu haqda SNNTV nashriga Maktablarni ta’mirlash, rivojlantirish va jihozlash milliy tashkiloti rahbari Rizo Xonmuhammadiy xabar bergan.
Xonmuhammadiyning so‘zlariga ko‘ra, Pizishkiyon 30-oktabr kuni qurilish sohasi mutasaddilari va homiylar bilan uchrashuvda kompaniyaga o‘z hissasini qo‘shishini va’da qilgan, 1-noyabr kuni esa mablag‘ni o‘tkazgan. Ushbu operatsiya rasmiy depozit hujjati bilan tasdiqlangan.
2024-yil iyul oyida Eron prezidenti etib saylangan Mas’ud Pizishkiyon siyosatga kirishishdan avval Tabriz tibbiyot fanlari universitetini boshqargan kardiolog-jarroh edi.
“Maktab qur” nomli milliy tashabbus Eronda kuz oylarida boshlangan bo‘lib, prezident shunda bir oylik maoshini ta’lim muassasalari qurilishiga o‘tkazishini ma’lum qilgandi. Aksiya fuqarolarni maktablarni qurish va ta’mirlashda ishtirok etishga – ham moliyaviy, ham boshqa yordam shaklida jalb qilishga qaratilgan.
Prezidentning aniq oylik daromadi rasmiy manbalarda ochiqlanmagan, biroq 2024-yilda u oyiga 600–700 million riyol atrofida maosh olishini aytgan, bu miqdor taxminan 15 ming AQSh dollariga teng.
