28-oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda “Oliy ta’limga oid malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiyani (Parij, 2019-yil 25-noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, oliy ta’lim sohasida malakalarni tan olish global konvensiyasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining oliy ta’lim bo‘yicha global shartnomasi hisoblanadi.
Shartnoma muqaddima, 6 bo‘lim va 25 moddadan iborat bo‘lib, talabalar, o‘qituvchilar va tadqiqotchilarning malakalarini tan olish va ularning erkin harakatlanishiga ko‘maklashish, oliy ta’limga oid hujjatlarni tan olishda barcha mintaqalar uchun umumiy va kelishilgan tamoyillarni ishlab chiqish uning asosiy maqsadlaridan biridir.
Ushbu konvensiyani ratifikatsiya qilish oliy ta’lim sohasidagi malakalarni adolatli, shaffof va kamsitmasdan tan olish uchun asos yaratadi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
