Oxirgi paytlarda “oʻrindosh sifatida ishlayotgan xodimlarga dekret puli berilamaydi” degan xabarlar tarqalmoqda. Bu maʼlumot haqiqatga mos emas — amaldagi qonunchilikka koʻra, oʻrindoshlik asosida ishlayotgan ayollar ham “dekret puli” olish huquqiga ega.
Mazkur masala Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 18-oktyabrdagi 297-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻrindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi toʻgʻrisida”gi nizom bilan aniq tartibga solingan. Ushbu nizomning 18-bandiga koʻra, oʻrindosh sifatida ishlayotgan xodimlar vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafakasini olish huquqiga, ayollar esa, bundan tashqari, homiladorlik va tugʻish nafakasini olish huquqiga ham ega.
Shuningdek, 19-bandga muvofiq, tibbiy muassasa tomonidan berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasining tasdiqlangan nusxasi oʻrindoshlik asosidagi ish joyidan nafaka tayinlash uchun asos boʻladi.
Shunday ekan, oʻrindosh pedagoglarga “dekret puli berilmaydi” degan gaplar asossiz va notoʻgʻri talqin hisoblanadi.
Xulosa oʻrnida aytish kerak, oʻrindoshlikda ishlayotgan ayollar ham boshqalar singari “dekret puli” olish huquqiga ega. Faqat byudjet tashkilotlarida bu toʻlov davlat mablagʻidan, xususiy tashkilotlarda esa ish beruvchi mablagʻidan amalga oshiriladi. Shuning uchun, agar sizga bu pulingiz toʻlanmasa, bu — huquqbuzarlik hisoblanadi va unga nisbatan maʼmuriy javobgarlik belgilangan.
