Hukumat qarori bilan “Texnikumlar bilan dual taʼlimni yoʻlga qoʻygan hamda bitiruvchilar bandligini taʼminlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.
Ushbu Nizom davlat texnikumlari bilan dual taʼlimni yoʻlga qoʻygan hamda bitiruvchilar bandligini taʼminlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibini belgilaydi.
Quyidagi talablarga javob bergan tashkilotlar kredit olish huquqiga ega:
– texnikum bilan dual taʼlimni yoʻlga qoʻygan hamda dual taʼlim boʻyicha texnikum bilan amal qiluvchi shartnoma mavjud boʻlishi;
– dual taʼlim doirasida oʻquvchilar uchun ish joylari va ishlab chiqarish amaliyoti tashkil etilgan boʻlishi;
– dual taʼlim doirasida oʻquvchilarga tashkilotning malakali mutaxassislarini “ustoz” sifatida biriktirgan boʻlishi;
– dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan oʻquvchilar bilan muddatli mehnat shartnomalari tuzilgan boʻlishi hamda ish haqi toʻlashi;
– joriy yilda texnikum bitiruvchisini tashkilotdagi vakant ish oʻrniga mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilgan boʻlishi.
Tashkilotlar dual taʼlim dasturi doirasida kredit olish uchun tijorat banklariga quyidagi hujjatlarni qogʻoz shaklida taqdim etadi:
– kreditni olish toʻgʻrisidagi ariza;
– ariza beruvchi (tashkilot)larning amalda boʻlgan tasdiqlovchi hujjatlari;
– texnikum va tashkilot oʻrtasidagi hamda tashkilot va oʻquvchi oʻrtasidagi dual taʼlim boʻyicha shartnoma nusxalari;
– dual taʼlim dasturi va dual taʼlimda tahsil olayotgan oʻquvchilar roʻyxati;
– tashkilot tomonidan kreditdan foydalanish rejasi;
– tashkilotning soliq qarzdorligi mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumot.
Tashkilotning kredit ajratish boʻyicha taqdim etgan barcha hujjatlari kreditga layoqatlilik koʻrsatkichiga muvofiq kelgan taqdirda, tijorat banki 3 ish kunida bu haqda tashkilotga xabar beradi, shartnoma tuzadi hamda uning hisobvaragʻiga kreditni oʻtkazadi.
