AQSHga xizmat safari doirasida Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi rahbariyati University of Missouri–St. Louis (UMSL) College of Education hamda universitet huzuridagi Center for Character and Citizenship vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralarda maktab direktorlarining liderlik va boshqaruv kompetensiyalarini rivojlantirish, pedagoglarning uzluksiz kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim dasturlari va baholash tizimlarini takomillashtirish, shuningdek, ta’lim siyosatini ishlab chiqishda ekspertlik hamkorligini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
UMSL mutaxassislari maktab rahbarlarini tayyorlash bo‘yicha xalqaro tajribasi, xususan, Keniya, Kolumbiya, Meksika, Tayvan va boshqa mamlakatlarda qo‘llanilgan uzoq muddatli professional rivojlanish modeli haqida ma’lumot berdi. Mazkur yondashuv intensiv treninglar, maktablarga amaliy tashriflar, muntazam onlayn murabbiylik va metodik qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, rahbarlarning o‘z jamoasi bilan maktabdagi o‘zgarishlarni amalda boshqarishiga asoslanadi.
Uchrashuvda O‘zbekiston uchun “Train-the-Trainer” modelini joriy etish istiqbollari alohida ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, dastlab saralangan maktab rahbarlari va trenerlar chuqurlashtirilgan tayyorgarlikdan o‘tib, keyinchalik egallagan metodika va tajribasini boshqa rahbarlarga yetkazishi hamda ushbu yondashuvni mamlakat miqyosida ommalashtirishga xizmat qilishi mumkin.
“Bugungi kunda maktab direktori faqat ma’muriy boshqaruv bilan shug‘ullanuvchi rahbar emas, balki ta’lim sifati, pedagoglar rivoji va maktabdagi o‘zgarishlarni boshqaradigan lider bo‘lishi kerak.
Shu sababli yaqinda 205 nafar maktab rahbari uchun intensiv rivojlanish kursini tashkil etdik. Ulardan yuqori natija ko‘rsatgan 18 nafari ilg‘or tajribani o‘rganish uchun xorijiy davlatlarga yo‘l olmoqda.
Kurs ishtirokchilari egallagan bilim va tajribalarini o‘z hududlaridagi boshqa maktab rahbarlariga kaskad usulida yetkazib boradi, biz esa ularning keyingi kasbiy rivojlanishini tizimli qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz.
UMSLning “Train-the-Trainer” modeli, muntazam murabbiylik va rahbarlarni o‘z maktabida real o‘zgarishlarni amalga oshirish jarayonida qo‘llab-quvvatlash tajribasi biz boshlagan ushbu tizimni yanada rivojlantirish uchun muhim.
Shu bois, bu tajribani O‘zbekiston sharoitiga moslashtirib, maktab rahbarlari bilan uzoq muddatli ishlash mexanizmini shakllantirishdan manfaatdormiz”, — dedi Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori Shaxzodbek Kurbaniyazov.
Tomonlar hamkorlikni bosqichma-bosqich tashkil etish imkoniyatlarini ham muhokama qildi. Dastlab UMSL ekspertlari ishtirokida O‘zbekistonda pilot treninglarni o‘tkazish, keyingi bosqichda saralangan ishtirokchilar uchun AQSHda o‘quv-amaliy dasturlar va ilg‘or maktablarga tashriflarni tashkil etish, so‘ngra jarayonni muntazam masofaviy metodik qo‘llab-quvvatlash orqali davom ettirish taklif qilindi.
Muloqot davomida qo‘shma loyihalar faqat maktab direktorlarini tayyorlash bilan cheklanmasligi ta’kidlandi. UMSL tomoni o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va baholash, ta’lim sifatini monitoring qilish, inklyuziv ta’lim, fanlarni o‘qitish metodikasi, shuningdek, milliy ta’lim siyosati va strategik hujjatlarni ishlab chiqishda ekspertlik ko‘magini yo‘lga qo‘yish imkoniyatini bildirdi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston tomoni ustuvor yo‘nalishlar, maqsadli guruhlar va kutilayotgan natijalarni aniq belgilagan holda takliflar paketini shakllantirishi, shundan so‘ng tomonlar ishtirokida onlayn muzokaralar o‘tkazib, hamkorlikning aniq mexanizmlari va keyingi amaliy qadamlarni belgilab olish bo‘yicha kelishib olindi.




