Yaponiyada o‘quvchilar uchun telefon vaqtini cheklash bo‘yicha yangi qaror kuchga kirdi

Yaponiyada o‘quvchilar uchun telefon vaqtini cheklash bo‘yicha yangi qaror kuchga kirdi

Yaponiyaning Aichi prefekturasi Toyoake shahrida ijtimoiy tarmoqlar, o‘yinlar va boshqa onlayn kontentga qaramlikning oldini olish maqsadida shahar kengashi aholiga smartfondan kuniga ikki soatdan ortiq foydalanmaslikni tavsiya etuvchi qarorni ma’qulladi. Bu haqda The Asahi Shimbun nashri xabar berdi.

 

 

Joriy yilning 22-sentyabr kuni ko‘pchilikning ovozi bilan qabul qilingan ushbu majburiy bo‘lmagan qoida Yaponiyada nafaqat bolalarni, balki barcha fuqarolarni qamrab olgan ilk tashabbus hisoblanadi.

 

 

1-oktyabrdan kuchga kiradigan qoidaga ko‘ra, boshlang‘ich maktab o‘quvchilari soat 21:00 dan keyin smartfondan foydalanmasligi kerak. 18 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar esa ekranlarini soat 22:00 ga qadar o‘chirib qo‘yishlari tavsiya qilinadi.

 

 

Bundan asosiy maqsad — oilalarda ortiqcha onlayn vaqtdan qochish, yetarli uyquni ta’minlash va oila a’zolari birgalikda muhokama qilib, qoidalarni belgilashiga undashdan iborat.

 

 

Smartfondan ish yoki o‘qish maqsadida foydalanish qoidalardan mustasno. Shuningdek, oila va do‘stlar bilan birgalikda o‘ynaladigan onlayn o‘yinlar ham sog‘lom dam olish va ijtimoiy muloqotni rivojlantiruvchi mashg‘ulot sifatida ruxsat etiladi.

 

 

Ma’lum qilinishicha, qoidalar kuchga kirgach, shahar ta’lim kengashi ota-onalar uchun maslahat xizmatlari tashkil etadi va oilalarda qoida belgilash hamda uyqu odatlarini o‘rganish bo‘yicha so‘rovlar o‘tkazadi. Tashabbus ota-onalarning murojaatlaridan so‘ng ilgari surildi. Ularning farzandlari maktabga bormay qo‘ygan, bunga esa smartfondan ortiqcha foydalanish sabab bo‘layotgani taxmin qilingan.

 

‘Ikki soat’ iborasi haddan tashqari soddalashtirildi. Bu qoida oilalarni foydalanish odatlarini qayta ko‘rib chiqishga va yetarli uyquni ta’minlash uchun qoidalarni muhokama qilishga undashga qaratilgan,” — dedi shahar hokimi Masafumi Koki.