Hukumatning 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qaroriga ko’ra, ayrim pedagog kadrlarning malaka toifasi (lavozimi) bir pogʻonaga oshiriladi.
Bular:
– Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan taqdirlangan pedagog kadrlar;
– “Ustoz” milliy mukofoti gʻoliblari;
– Worldskills musobaqalari sovrindorlarini tayyorlagan taʼlim tashkilotlarining pedagog kadrlari;
– respublika miqyosidagi fan olimpiadalari va koʻrik-tanlovlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻquvchilarni tayyorlagan pedagog kadrlar;
– ‘‘Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” kasbiy koʻrik-tanlovining respublika bosqichi gʻoliblari.
Ilgari attestatsiyadan oʻtmagan ishga yangi qabul qilingan pedagog kadrlarga yoki oliy taʼlim tashkilotlarini bitirib birinchi bor ishga kirgan pedagog kadrlarga attestatsiyaga jalb etilgunga qadar quyidagi tartibda malaka toifasi (lavozim) beriladi:
– bakalavr darajasiga ega pedagog kadrlarga — mutaxassis (oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimi;
– magistr darajasiga ega mutaxassislarga, shuningdek, oliy maʼlumot darajasi boʻyicha akademik darajalar joriy etilgunga qadar olingan oliy maʼlumotli pedagog kadrlarga — ikkinchi malaka toifasi (katta oʻqituvchi lavozimi);
– fan nomzodi, falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) yoki fan doktori (Doctor of Science (DSc) ilmiy darajasiga hamda Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan berilgan katta ilmiy xodim, dotsent va professor ilmiy unvoniga ega boʻlgan pedagog kadrlarga — oliy malaka toifasi (bosh oʻqituvchi lavozimi).
