Joriy yil 25-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumaniga tashrif buyuradi hamda oʻqituvchi va murabbiylar bilan muloqot qildi.
Tadbirda davlat rahbari taʼlim-tarbiya tizimida alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlardan bir guruhiga davlat mukofotlarini tantanali topshirdi hamda taʼlim sifatini oshirish, oʻqituvchi va murabbiylarni yanada qoʻllab-quvvatlash masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev pedagoglarni yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surdi, jumladan:
– yangi yildan boshlab kamida 15 yil stajga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab beriladi;
– kelgusi o‘quv yilida davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga 30 foiz chegirma beriladi;
– o‘qituvchilar yangi ta’lim texnologiyalarini keng qo‘llashi uchun kompyuter xaridiga 10 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi;
– kelasi yildan pedagoglar uchun davlat xizmatlari to‘lovi 2 karra kamaytiriladi;
– fan o‘qituvchilari kabi boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun ham milliy sertifikat berish tizimi joriy qilinadi. Sertifikat olganlarga har oyda 15 foiz ustama to‘lanadi;
-bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan bitirib, maktabga ishga kirganlarga avtomatik ravishda 2-malaka toifasi, magistrlarga esa 1-malaka toifasi beriladi;
– dunyodagi TOP-300 talik oliygohlarga o‘qishga kirgan pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim krediti ajratiladi;
– reytingda 100 talikka kirgan maktab va bog‘cha, 20 talikdagi texnikum, TOP-10 ta oliygoh pedagoglariga yiliga bir marta O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun samolyot va poyezdlar chipta narxlariga 15-20 foiz chegirma beriladi.
