Bugun Namangan shahrida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” III xalqaro forumi ish boshladi. Ochilish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
Davlat rahbari ta’kidlaganidek, sifatli ta’lim inson kapitalini rivojlantirish va uzoq muddatli istiqbolda kambag‘allikni qisqartirishning asosiy drayveri hisoblanadi.
So‘nggi yillarda bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinishi 27 foizdan 78 foizga oshdi. Bu 1 millionga yaqin ayollarga ta’lim olish, kasb-hunar o‘rganish va daromad topish imkonini yaratdi.
Kambag‘al oila farzandlarini maktabgacha ta’lim bilan to‘liq qamrab olish uchun shart-sharoitlar yaratiladi. Ular uchun xorijiy til va kasb-hunar o‘rganish xarajatlarining 80 foizi davlat hisobidan qoplab beriladi. Bu orqali 100 mingdan ziyod kambag‘al oila farzandlari qamrab olinishi rejalashtirilgan.
Har bir kambag‘al oilada kamida bitta oliy ma’lumotli mutaxassis bo‘lishi uchun imtiyozli ta’lim kreditlari va davlat grantlari ko‘paytiriladi.
Shuningdek, xalqaro standartlar asosida kasbga tayyorlash markazlari tashkil etilib, ularning bitiruvchilariga xorijda tan olinadigan sertifikatlar beriladi.
