Muhokamalar portaliga “Oliy taʼlim tashkilotlariga xorijiy fuqarolarni oʻqishga qabul qilish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida“ gi qaror loyihasi joylashtirildi.
Unga ko‘ra, xorijiy abituriyentlar O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga “Study in Uzbekistan” veb-portali orqali hujjat topshiradi. Portal Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazi tarkibiy bo‘linmasi sifatida tashkil etiladi. Uning faoliyati budjetdan tashqari mablag‘lar, shartnoma asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar, homiylik xayriyalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Qaror nizomiga ko‘ra:
– xorijiy fuqarolarni oʻqitish toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;
– oliy taʼlimga xorijiy fuqarolarni qabul qilish belgilangan tartibda oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi;
– arizalar 1-maydan 31-avgustgacha qabul qilinadi. Istisno tariqasida bahorgi semestr oldidan ham hujjat topshirish mumkin;
– hujjatlar portal orqali onlayn tarzda topshiriladi. To‘liq hujjatlar taqdim etilgach, 5 kun ichida ro‘yxatga olinadi va abituriyentga ID raqam beriladi;
– suhbat oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan belgilangan muddatlarda o‘tkaziladi. Jarayon bevosita yoki onlayn tarzda amalga oshirilishi mumkin. Suhbat natijalari yuzasidan apellyatsiya berish imkoni mavjud emas;
– oliy ta’lim muassasalari portal orqali ishlash uchun shartnoma tuzadi. Xorijiy talabalar kontrakt to‘lovidan 3 foiz mablag‘ Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazi jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.
“Study in Uzbekistan” xorijiy abituriyentlar uchun yagona axborot maydoni bo‘lib, unda oliy ta’lim muassasalari, ta’lim dasturlari, kontrakt narxlari, talabalar turar joylari, xalqaro hamkorlik, stipendiya va boshqa imkoniyatlar haqida batafsil hamda ishonchli ma’lumot taqdim etiladi.
Qaror ijrosini nazorat qilish Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov zimmasiga yuklatilgan.
