Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 8 oy davomida 9 tonnadan ortiq sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari brakeraj qilindi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bergan.
Unga ko‘ra, 2025-yil yanvar-avgust oylarida amaldagi sanitariya qoida va normativlari asosida 3554 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida rejali tekshirishlar o‘tkazilishi natijasida bir qator qonun buzilish holatlari aniqlangan.
Xususan, MTTlardan kimyoviy tahlillar uchun olingan 83 231 ta namunalardan 4110 tasi hamda bakteriologik tahlillar uchun olingan 88 203 ta namunalardan 9027 tasi sanitariya qoidalari va normalari talablariga javob bermagan.
Tarbiyalanuvchilar ovqatlanishi to‘g‘ri va xavfsiz tashkil etilganligi ustidan nazorat amalga oshirilganida, mikrobiologik ko‘rsatkichlarga tayyor oziq-ovqat mahsulotlaridan 8122 ta namunadan 323 tasi; ichimlik suvidan 4461 ta namunadan 237 tasi talabga javob bermagan.
Shuningdek, kimyoviy tahlillar natijasida, 4986 ta namunadan 878 ta namunasida ovqat to‘yimlilik darajasi pastligi; 12301 ta namunadan 257 ta namunada (sabzavotlarda) nitrat qoldiqlari; osh tuzida yod miqdorini aniqlash uchun 2321 ta namunalardan 718 ta namunalarda yod miqdori kamligi aniqlangan.
Bundan tashqari, MTTlardagi guruhlarda harorat va yorug‘lik me’yorlari tekshirilganida, 23 425 ta holatdan 1658 tasida harorat talab darajasida emasligi va 43 665 ta holatdan 2559 tasida yoritish darajasi pastligi aniqlangan.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sanitariya sohasida qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxslarga nisbatan jazolar qo‘llanilgan. Xususan, 3705 ta holatda ma’muriy choralar (jarimalar) qo‘llanilgan, 110 ta muassasa ish faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan, 446 nafar ishchi-xodimlar tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tmaganligi sababli ishdan vaqticha chetlashtirilgan. 9486,4 kg.dan ortiq miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlari brakeraj qilingan.
