Rossiyada 457 ming migrant bolalari maktabga qabul qilinmadi

Rossiyada 457 ming migrant bolalari maktabga qabul qilinmadi

Rossiyada 2025-yil 1-apreldan boshlab chet ellik bolalar maktabga kirishda rus tilidan majburiy imtihon topshirishi shart boʻldi. Bu talab tufayli migrant oilalarining farzandlarini oʻqishga joylashtirish jarayonida jiddiy qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda.

 

The Moscow Times nashrining xabar berishicha, joriy yilning aprel–avgust oylarida 23 ming 616 nafar chet ellik bolaning ota-onasi ularni Rossiya maktablariga qabul qilish uchun ariza topshirgan. Biroq hujjatlarning toʻliq toʻplami faqat 8223 nafar bola uchun taqdim etilgan. Natijada 5940 nafar bola imtihonda qatnashgan, ulardan 2964 nafari muvaffaqiyatli oʻtib, umumiy abituriyentlarning 12,6 foizini tashkil etgan.

 

Shu sababli migrant bolalarning 87 foizi rus maktablariga qabul qilinmadi.

 

Rus tili imtihoni har bir sinf darajasiga moslashtirilgan:

 

1-


sinf oʻquvchilari uchun ogʻzaki nutq, tushunish, asosiy leksik va grammatik koʻnikmalar tekshiriladi.

 

2-sinfdan boshlab oʻqish va yozish boʻyicha topshiriqlar ham qoʻshiladi.

 

Imtihondan muvaffaqiyatli oʻtish uchun savollarning 90 foiziga toʻgʻri javob berish talab etiladi. Rasmiylarga koʻra, sinovning maqsadi – bolaning joriy taʼlim dasturlarini oʻzlashtira olish qobiliyatini baholash.

 

Migrant oilalardan bir qator hujjatlar soʻraladi. Jumladan:

 

– ota-onaning farzandga qarindoshlik huquqini tasdiqlovchi hujjatlar;

 

– oilaning Rossiyada qonuniy yashashini koʻrsatuvchi rasmiy maʼlumotlar;

 

– ota-onada xavfli yuqumli kasallik yoʻqligini tasdiqlovchi tibbiy maʼlumotnoma;

 

– pasport va boshqa shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar.

 

Barcha hujjatlar rus tilida boʻlishi yoki notarial tasdiqlangan tarjimasi bilan taqdim etilishi shart. Agar hujjatlar toʻliq boʻlmasa, maktablar arizani qabul qilmaydi.

 

Avgust oyida Davlat dumasiga chet ellik bolalar uchun maktablarda tijorat shaklidagi taʼlimni joriy etish toʻgʻrisida qonun loyihasi kiritildi. Shu bilan birga, deputatlar rus tili imtihonidan oʻtishda bepul urinishlar sonini cheklashni ham taklif qilmoqda.

 

Tushintirish xatida qayd etilishicha, qonun loyihasi “900 ming oʻrin yetishmasligi” muammosini yumshatishga qaratilgan. Hozirda Rossiyada 638 mingdan ortiq migrant bola yashaydi, ammo ularning atigi 181 ming nafari maktabda oʻqimoqda.

 

Bundan oldin, Davlat dumasining Mehnat, ijtimoiy siyosat va faxriylar ishlari qoʻmitasi raisi Yaroslav Nilov chet ellik bolalarning bepul taʼlim olish huquqini bekor qilish tashabbusi bilan chiqqan edi. Unga koʻra, maktabgacha taʼlimdan tortib oʻrta umumiy taʼlimgacha boʻlgan barcha bosqichlar migrantlar uchun pullik asosda amalga oshirilishi kerak.

Ammo Rossiya Taʼlim vazirligi vakillari bunday tashabbusga qarshi chiqib, migrant bolalarga taʼlimni pullik qilish ijtimoiy tengsizlikni kuchaytirishi mumkinligini taʼkidlagan edi.