Joriy yilda 60 mingga yaqin abituriyent test sinovlariga kelmagan — statistika

Joriy yilda 60 mingga yaqin abituriyent test sinovlariga kelmagan — statistika

Bilim va malakalarni baholash agentligi 2025-yilgi test sinovlarida qatnashmagan abituriyentlar sonini e’lon qildi. Statistikaga ko‘ra, bu yil jami 56 329 nafar abituriyentning natijalari inobatga olinmagan. Shundan 32 051 nafari joriy yilgi bitiruvchilar hisoblanadi.

 

Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Samarqand viloyatida qayd etildi — 6 844 abituriyent, eng past ko‘rsatkich esa Sirdaryo viloyatida kuzatildi — 1 516 abituriyent.

 

Reyting natijalariga ko‘ra, hududlar bo‘yicha taqsimot quyidagicha shakllandi:

1. Samarqand viloyati — 6 844 abituriyent
2. Qashqadaryo viloyati — 6 439 abituriyent
3. Farg‘ona viloyati — 5 771 abituriyent
4. Namangan viloyati — 5 733 abituriyent
5. Toshkent viloyati — 4 942 abituriyent
6. Andijon viloyati — 4 501 abituriyent
7. Surxondaryo viloyati — 4 288 abituriyent
8. Toshkent shahri — 3 635 abituriyent
9. Xorazm viloyati — 3 087 abituriyent
10. Jizzax viloyati — 2 862 abituriyent
11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 2 852 abituriyent
12. Buxoro viloyati — 2 235 abituriyent
13. Navoiy viloyati — 1 712 abituriyent
14. Sirdaryo viloyati — 1 516 abituriyent

 

Qatnashmagan va chetlashtirilgan abituriyentlar

 

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, qatnashmagan (qiymatlanmagan) abituriyentlar — test sinoviga umuman kelmaganlar hisoblanadi. Ularning natijalari inobatga olinmaydi va hech qanday ball qo‘shilmaydi.

 

Bundan tashqari, bu yil 35 nafar abituriyent test sinovlaridan chetlashtirilgan. Ular imtihon jarayonida qoidalarni buzganligi sababli chiqarib yuborilgan va ularga ham mutlaqo ball berilmaydi.

 

Hududlar kesimida eng ko‘p chetlatish Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlarida (6 nafardan) qayd etilgan. Qashqadaryo viloyatida 5 nafar, Toshkent shahrida 4 nafar, boshqa hududlarda esa 1–3 nafardan abituriyent testdan chiqarilgan.

 

Eslatib o‘tamiz, chetlashtirilganlarning 14 nafari joriy yilgi bitiruvchilar hisoblanadi.

 

Natijalar shuni ko‘rsatmoqdaki, test sinovida qatnashmagan yoki qoidabuzarlik tufayli chetlashtirilgan abituriyentlar oliy ta’limga kirish imkoniyatidan mahrum bo‘lishmoqda. Bu esa imtihon jarayonida qatnashish, tartib-intizomga rioya qilish va imkoniyatlardan to‘liq foydalanish zarurligini ifodalaydi.