Maktablarda o‘quvchilarni ortiqcha tadbirlarga jalb qilishga chek qo‘yilishi aytilmoqda

Maktablarda o‘quvchilarni ortiqcha tadbirlarga jalb qilishga chek qo‘yilishi aytilmoqda

Joriy yilning 8-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga ta’lim tizimini isloh qilish masalalari yuzasidan qilingan taqdimotda maktablarda o‘tkaziladigan ma’naviy-tarbiyaviy tadbirlarni tartibga solish masalasiga ham to‘xtalib o‘tgan.

 

 

Ta’kidlanishicha, shu kungacha ta’lim muassasalaridagi tadbirlarga turlicha yondashib kelingan. Tahlil qilinganda, har bitta bog‘cha, maktabda 200 dan ortiq o‘quv yili davomidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar rejasi tuzilib, ijroga qaratilgan. Bu esa sifat nuqtayi nazaridan natija ko‘rsata olmagan.

 

 

Shuning uchun, bog‘cha, maktabdan oliy ta’limgacha qamrab olgan yagona milliy g‘oya konsepsiyasi ishlab chiqildi. U ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning namunaviy rejasi bo‘ladi. Natijada bunday ishlar tartibli va saviyali tashkil etilib, o‘quvchilar ortiqcha tadbirlarga jalb etilmaydi.

 

 

Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farxod Boqiyev ham O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida to‘xtalib o‘tgan.

 

‘‘Shu paytgacha bog‘cha o‘zining yo‘nalishi bo‘yicha, maktab alohida, oliy ta’lim alohida, bir-biri bilan yagona g‘oyaviy tarbiyada bog‘liqlik yo‘q edi. Tahlil qilinganda, har bitta bog‘cha, maktabda 200 dan ortiq o‘quv yili davomidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar rejasi tuzilardi va bu ijroga qaratilardi.

 

Bu o‘z navbatida sifat nuqtayi nazaridan bir natija ko‘rsata olmasdi. Mana shu nuqtayi nazardan, bugun bog‘cha, maktab, oliy ta’limni bir-biriga bog‘laydigan, biri ikkinchisini mantiqan davom etadigan yagona ma’naviy-ma’rifiy ishlarning rejasi, bunda oylarga nom berildi, har bir oydagi berilgan haftaning nomlari, reja asosida mavzu va uni amalga oshirishning mexanizmlari, ssenariysi bilan pastga tushirildi.

 

Bu o‘z navbatida nima beradi? Demak, bog‘chada boshlangan o‘sha g‘oyaviy, tarbiyaviy masalalarimiz mantiqan maktabda yoshlar kesimida va bu oliy ta’limda davom etadi, bir-biri bilan uzviy bog‘landi. O‘zbekistonda milliy tarbiya modulini yaratish bo‘yicha ham aniq vazifalar belgilab berildi.

 

Bu o‘z navbatida bog‘chada, maktabda, oliy ta’limda o‘quvchi-yoshlarga qilinayotgan, demak, tarbiyaviy masalalarni yangi bosqichga olib chiqishda aniq, maqsadli harakatni yuzaga keltiradi. Ochig‘ini aytish kerak, mana shu maktablarimizda doimiy ravishda sinf soatlari mavjud edi va bu juma kunlari o‘tkazilardi va bu jarayonda ham yangi bosqich bugun taqdimotda alohida aytildiki, bu yilgi o‘quv yilimiz ham mana shunday katta yangiliklar bilan boshlandi.

 

Haftaning har dushanba kuni birinchi soat, demak, o‘quvchilarni maktab hovlisidagi O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasini jo‘r bo‘lib, birga kuylash bilan boshlanib, birinchi soat “Kelajak soati” darslari bilan boshlandi. Bu yerda ham aniq maqsadlar ko‘zlangan.

 

Demak, har bitta mavzu va bu mavzu doirasida yoshlar kesimida o‘quvchilarga yetkazadigan ma’lumotlar doirasi videokontent bilan boyitildi. Va bu milliy-tarbiya.uz platformasiga joylashtirilib, bu nafaqat o‘quvchilar, o‘qituvchilar, balki ota-onalar uchun ham ochiq, erkin platformaga joylashtirib borildi’’, – degan vazir o‘rinbosari.