Poytaxtdagi 12 ta maktabda robototexnika va VR xonalari tashkil etilishi mumkin

Poytaxtdagi 12 ta maktabda robototexnika va VR xonalari tashkil etilishi mumkin

Yangi o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahrining har bir tumanida bittadan umumta’lim maktabida “Toshkent tajribasi” loyihasi amalga oshiriladi, deb xabar bermoqda shahar hokimligi matbuot xizmati.

 

Toshkent hokimi “Umumta’lim maktablarida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha ‘‘Toshkent tajribasi’’ loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorni imzoladi. Loyihada 12 ta tumandagi belgilangan maktablarning beshtadan sinflari — jami 60 ta sinf ishtirok etadi.

 

Tanlab olingan maktablarda sinf xonalari ta’mirlanadi, robototexnika va VR xonalari tashkil etiladi, informatika xonalari, fizika, kimyo va biologiya laboratoriyalari zamonaviy jihozlanadi.

Shuningdek, sport anjomlari va ko‘rgazmali qurollar xarid qilish, maktab kutubxonasini badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash rejalashtirilgan.

 

“Toshkent tajribasi” loyihasida ishtirok etayotgan tumanlar va maktablar ro‘yxati:

 

— Bektemir tumani: 358-maktab;

 

— Mirobod tumani: 154-maktab;

 

— Mirzo Ulug‘bek tumani: 121-maktab;

 

— Olmazor tumani: 16-maktab;

 

— Sergeli tumani: 266-maktab;

 

— Uchtepa tumani: 4-maktab;

 

— Chilonzor tumani: 200-maktab;

 

— Shayxontohur tumani: 84-maktab;

 

— Yunusobod tumani: 88-maktab;

 

— Yakkasaroy tumani: 73-maktab;

 

— Yangihayot tumani: 332-maktab;

 

— Yashnobod tumani: 339-maktab.

 

“Bu loyiha ta’limni yangi bosqichga olib chiqib, o‘quvchilarga chuqur bilim berish, sertifikatlar olish va oliygohlarga tayyorgarlik ko‘rishda katta imkoniyat yaratadi”, — deyiladi hokimlik xabarida.

 

Fanlar chuqurlashtirib o‘tiladigan maktablarga asosiy fanlardan dars beradigan o‘qituvchilar tanlov asosida saralab olinadi. Hokim 7−11-sinflar kesimida qo‘shimcha o‘qitiladigan fanlardan o‘tiladigan mavzular rejasi hamda o‘quvchilarni xalqaro va milliy sertifikatlar olishga, shuningdek oliy ta’lim muassasasiga kirishga tayyorlovchi o‘quv-mashg‘ulotlarining dasturlarini ishlab chiqishni topshirdi. Bunda ixtisoslashgan maktablar hamda nodavlat ta’lim tashkilotlari tajribasi asos qilib olinadi.

 

O‘quvchilar uchun qo‘shimcha berilgan soatlar hisobidan tanlangan fanlardan chuqur bilim berishga yo‘naltirilgan maxsus darslar tashkil etiladi. Ular variativ o‘quv reja va dasturlar asosida olib boriladi. Toshkent shahri Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga bir hafta muddatda “Toshkent tajribasi” loyihasi amalga oshiriladigan maktablarning konsepsiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash topshirildi.

 

“Toshkent tajribasi” loyihasi amalga oshiriladigan umumta’lim maktablari o‘qituvchilariga ustama haq to‘lanadi. Ularning ish samaradorligi dars jarayonida o‘quvchilarni qiziqtira olish darajasi va ularning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari asosida baholanadi. Shu mezonlarga ko‘ra qo‘shimcha haq to‘lash tizimi (KPI) joriy etiladi.