Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan ixtirochilik va ratsionalizatorlikni rivojlantirish maqsadida navbatdagi ko‘rik-tanlov e’lon qilindi.
Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-avgustdagi 440-son qarori hamda 2022-yil 1-noyabrdagi 15-son bayoniga muvofiq o‘tkaziladi. Arizalar 2025-yil 14-sentabrga qadar ixtiro.ilmiy.uz platformasi orqali elektron shaklda qabul qilinadi.
Tanlov shartlari:
–tanlovda 16 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etishi mumkin;
—nomzod aniq bir ixtiro, foydali model yoki ratsionalizatorlik taklifiga ega bo‘lishi zarur;
—tanlov ikki bosqichda o‘tkaziladi: hududiy bosqich va “InnoWeek – 2025” xalqaro haftaligi doirasidagi respublika bosqichi;
—g‘oliblar Respublika komissiyasi tomonidan ovoz berish orqali aniqlanadi.
Baholash mezonlari:
Ishlanmalar quyidagi jihatlar bo‘yicha saralanadi:
—energiya va resurslarni tejash, yangi texnologiyalar yaratish;
—ekologik xavfsizlik va atrof-muhitni muhofaza qilish;
—mehnat sharoitlarini yaxshilash va qulaylik yaratish;
—ishlab chiqilish darajasi va amaliyotga tatbiq etish imkoniyati;
—eksport salohiyati va import o‘rnini bosish darajasi;
—patent yoki guvohnoma mavjudligi.
Ishtirokchilar platformada ro‘yxatdan o‘tish jarayonida ishlanma tavsifi, fotosurat yoki sxemasi, zarur hollarda patent, guvohnoma va hammualliflarning rozilik xati nusxalarini elektron shaklda taqdim etishlari lozim.
Ma’lumot uchun: Tanlov bo‘yicha batafsil ma’lumotni +99871 203-32-23 (244, 416) telefon raqamlari orqali olish mumkin.
