“Jadidlar izidan” respublika tanlovining uchinchi mavsumiga ro‘yxatdan o‘tish boshlandi

“Jadidlar izidan” respublika tanlovining uchinchi mavsumiga ro‘yxatdan o‘tish boshlandi

“Jadidlar izidan” respublika ko‘rik-tanlovining uchinchi mavsumi 6–8 hamda 9–10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladi. Tanlovda ishtirok etish uchun arizalar 15-oktyabrgacha qabul qilinadi.

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika “Kelajak” markazi tomonidan o‘tkaziladigan “Jadidlar izidan” respublika ko‘rik-tanlovining uchinchi mavsumi boshlanmoqda.

 

Tanlovda davlat va nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining 6–10-sinf o‘quvchilari ishtirok etishi mumkin. O‘quvchilar 6–7–8-sinflar hamda 9–10-sinflar bo‘yicha ikki toifaga ajratiladi.

 

Tanlov uch bosqichda o‘tkaziladi:

 

  • tuman (shahar) bosqichi — 2026-yil oktyabr oyida;
  • hududiy bosqich — 2026-yil noyabr oyida;
  • respublika bosqichi — 2026-yil dekabr oyida.

 

Birinchi bosqich: Tuman (shahar) bosqichida ishtirokchilar ikki shart bo‘yicha bellashadi.

 

1-shart: Test savollari. Har bir ishtirokchi jadidlar hayoti va ijodiga oid  25 ta test savollariga (har bir toʻgʻri javob uchun 2 ball) javob beradilar. Mazkur  shartga 25 daqiqa vaqt ajratiladi. Test natijalariga koʻra, eng yuqori ball toʻplagan  ishtirokchilar 2-shartda ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritadi.

 

2-shart: Jadidlar hayoti va ijodi. Har bir ishtirokchi bilet tortish orqali tanlovning tuman (shahar) bosqichi uchun  tavsiya etilgan jadidlarning hayoti va ijodiga oid savollarga fikr-mulohazalarini  5 daqiqa davomida bayon etadi. Ishtirokchilarga tayyorgarlik koʻrishlari uchun vaqt ajratilmaydi.

 

Ikkinchi bosqich: Hududiy bosqichda ishtirokchilar 3 ta shart asosida bellashadilar. Boshqotirma, asar tahlili va insho shartlari bo‘yicha bellashuvlar o‘tkaziladi.

 

1-shart: Boshqotirma. Ishtirokchilar jadidlar faoliyati va asarlariga oid 10 ta savoldan (har bir savolning to‘g‘ri javobiga 2 balldan) iborat boshqotirmani toʻldirishadi. Shartni bajarish uchun ishtirokchilarga 15 daqiqa vaqt ajratiladi (10 daqiqa boshqotirmani toʻldirish uchun, 5 daqiqa javoblarni izohlash uchun). Mazkur shart 20 ballgacha baholanadi.

 

2-shart: Asar tahlili. Ishtirokchilar bilet tortish orqali jadidlarning asarlariga oid fikrlarini 7 daqiqa davomida bayon etadi. Ishtirokchilarga tayyorgarlik koʻrishlari uchun vaqt ajratilmaydi. Mazkur shart 50 ballgacha baholanadi.

 

3-shart: Insho. Ishtirokchilar jadidlar faoliyati va ijodiga oid mavzular  asosida insho yozadi. Insho yozishda ishtirokchilar mavzuning mazmun-mohiyatini  toʻliq ochib berishi (insho hajmi 2-3 sahifadan kam boʻlmasligi) lozim. Shartni  bajarish uchun ishtirokchilarga 45 daqiqa vaqt beriladi. Mazkur shart 30 ballgacha  baholanadi (insho mavzulari respublika tashkiliy qoʻmitasi tomonidan taqdim etiladi).

 

Uchinchi bosqich: Mazkur bosqichda ham ishtirokchilar 3 ta shart asosida bellashadilar.

 

1-shart: Jadidlar hayoti, ijodi hamda asarlari tahlili. Birinchi shartda ishtirokchilar bilet tortish orqali jadidlarning hayoti, ijodi hamda asarlariga doir 5 ta savollarga javob beradi (har bir javob uchun 6 ballgacha). Ishtirokchilarga tayyorgarlik koʻrishi uchun 2 daqiqa, savollarga javob berish uchun 7 daqiqa vaqt ajratiladi. Mazkur shart 30 ballgacha baholanadi.

 

2-shart: Erkin mavzular asosida loyiha taqdimoti. Ikkinchi shartda ishtirokchi o‘zi tanlagan mavzu asosida maktab, milliy ta’lim,  xorijiy ta’lim tajribasi, til, ekologiya, teatr, matbuot, tarix, kasb-hunar, milliy  qadriyatlar, xotin-qizlar va boshqa tegishli yo‘nalishlarni rivojlantirishga qaratilgan  loyiha (loyiha 7-10 sahifadan iborat boʻlishi lozim) ishlab chiqadi hamda uni  taqdimot shaklida namoyish (10 daqiqa davomida taqdim etilishi lozim) etadi.

 

3-shart. Insho. Uchinchi shartda ishtirokchilar jadidlar faoliyati va ijodiga oid mavzulardan birini bilet tortish orqali tanlaydilar va ushbu mavzu yuzasidan insho yozadi. Insho yozishda ishtirokchilar mavzuning mazmun-mohiyatini toʻliq ochib bergan holda 2 sahifadan kam boʻlmasligiga eʼtibor qaratishi lozim. Shartni bajarish uchun ishtirokchilarga 45 daqiqa ajratiladi. Mazkur shart 30 ballgacha baholanadi.

 

Tanlovning respublika bosqichida har ikki sinf toifasi bo‘yicha eng yuqori natija qayd etgan jami 14 nafar ishtirokchi xorijiy davlatlarga ta’lim sayohatiga yuboriladi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarining kasbiy (ijodiy) imtihonida soha bo‘yicha eng yuqori ball olish imkoniyatini qoʻlga kiritadi.

 

Tanlovda ishtirok etish uchun arizalar 15-oktabrgacha qabul qilinadi. Ro‘yxatdan o‘tish quyidagi havolalar orqali amalga oshiriladi:

 

— 6–8-sinf — havola;
— 9–10-sinf — havola.

 

Tanlov Nizomi bilan quyidagi havola orqali to‘liq tanishish mumkin — Nizom.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Turon” maktab teatri, “Iqtidor” maktab ansambli va “Jadidlar izidan” tanlovlari g‘oliblariga OTMga kirishda imtiyoz berilishi haqida xabar berilgan edi.