Ijtimoiy tarmoqlarda o‘quvchilar maktabga eshakda qatnayotgani aks etgan video tarqaldi. Samarqand viloyati MMTB holat yuzasidan izoh berib, video qaysi hududda tasvirga olingani va o‘quvchilarning nima sababdan bunday transportdan foydalanayotgani haqida ma’lumot berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Kattaqo‘rg‘on tumani Mavlonsoy qishlog‘ida o‘quvchilar eshakda maktabga qatnayotgani aks etgan video tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Munosabatda holat Mavlonsoy qishlog‘ida emas, balki Kattaqo‘rg‘on tuman markazidan 40 kilometr uzoqlikdagi Burgansoy MFY Olmosuvon qishlog‘ida joylashgan 84-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida sodir bo‘lganligi qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu hudud Qo‘shrabot tumani bilan chegaradosh bo‘lib, tog‘ yonbag‘irlaridagi kichik va tarqoq qishloqlardan iborat. Ichki yo‘llar asosan so‘qmoqlardan tashkil topgan.
Hozirda maktabning asosiy binosida 92 nafar, filialida esa 21 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Filial bilan asosiy bino o‘rtasidagi masofa 3 kilometrni, asosiy binoga qatnaydigan eng uzoq masofa esa 4 kilometrni tashkil etadi.
‘‘5–11-sinflarda jami 74 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Shundan Olmosuvon qishlog‘idan 45 nafar, filial hududidagi Qo‘shamazor qishlog‘idan 13 nafar, To‘lali qishlog‘idan 17 nafar va Jilqihaydar qishlog‘idan 17 nafar o‘quvchi asosiy binoga qatnaydi.
Tog‘li hudud va aholi punktlarining tarqoq joylashgani sababli mahalliy aholining aksariyat qismi, jumladan, kundalik harakatlanishda ushbu ulovlardan foydalanadi’’, — deyiladi munosabatda.
Ayni paytda mutasaddi tashkilotlar tomonidan olis va tog‘li hududlarda o‘quvchilarning maktabga xavfsiz va qulay qatnashini ta’minlash hamda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar dasturi ko‘rib chiqilayotganligi ma’lum qilindi.
