1-avgust kuni Prezident Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari Hilola Umarova raisligida taʼlim tizimini integratsiya qilish va uning barcha boʻgʻinlarida sifatni oshirishga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Tadbirda Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Eʼzoza Karimova, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov, hududiy boshqarmalar rahbarlari hamda vazirliklar vakillari ishtirok etdi.
Yigʻilish avvalida davlat rahbarining tegishli farmoniga binoan yangi tayinlangan Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Eʼzoza Karimova jamoaga tanishtirildi.
Uchrashuv davomida taʼlim tizimining uzviyligini taʼminlash, xususan, maktabgacha va boshlangʻich taʼlim dasturlarini uygʻunlashtirish, xalqaro meʼyorlarga mos standartlarni joriy etish, “Ilk rivojlanish markazlari”ni barcha tuman va shaharlarda tashkil etish kabi masalalar muhokama qilindi. Ushbu markazlar orqali 200 ming qoʻshimcha oʻrin yaratilishi rejalashtirilgan.
“Menejerlik oʻquv kurslari” faoliyatini kengaytirish, o‘qitish uslublarini takomillashtirish va ixtisoslashtirilgan maktablardagi baholash tizimini bosqichma-bosqich umumtaʼlim maktablariga joriy qilish rejalari eʼlon qilindi. Yangi oʻquv yilida ushbu tizim 3 mingta maktabda tatbiq etiladi.
Shuningdek, Abu Ali ibn Sino nomli ixtisoslashtirilgan maktabining 13 ta filiali joylarda bosqichma-bosqich ochilishi belgilandi. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda pedagog kadrlar tayyorlash tizimi tubdan yangilanadi.
Tadbirda maktabga qabul va o‘qituvchilarni ishga qabul qilish jarayonlarining raqamlashtirilishi, tanlov asosida ishga olish tizimi va maxsus platforma orqali ishga yollash amaliyoti kengaytirilishi bildirildi. Maʼnaviy-maʼrifiy faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida “Turon” maktab teatri, “Iqtidor” maktab ansambli va “Xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha eng yaxshi maktab” kabi tanlovlar oʻtkaziladi.
2025-yilga kelib xorijiy talabalar soni 160 ming nafarga, xorijlik oʻqituvchilar soni esa 10 ming nafarga yetkazilishi moʻljallangan.
Garvard universiteti bilan hamkorlikda “Rektorlar maktabi” tashkil etilishi, Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatini transformatsiya qilish rejalashtirilgan. “Kelajak avlod” namunaviy bogʻchalar soni 2026-yilgacha 14 taga, 2030-yilgacha esa 208 taga yetkaziladi.
“Bogʻchadan — oliygohgacha” yagona milliy gʻoya tizimi doirasida 2025–2030-yillar uchun taʼlimda yagona yondashuv konsepsiyasi ishlab chiqiladi va joriy qilinadi.
Yil yakunigacha OTMlar ilmiy salohiyati 55 foizga yetkazilishi, 4250 nafar professor-oʻqituvchining xorijda malaka oshirishi va “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali iqtidorli yoshlar va davlat xizmatchilari sonining oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Yigʻilishda Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi zimmasiga yuklatilgan tashqi baholash jarayonlarini jadallashtirish boʻyicha vazifalar ham muhokama qilindi.
