So‘nggi kunlarda ixtisoslashtirilgan maktablarda faoliyat yuritayotgan direktor o‘rinbosarlarga menejerlik sertifikati asosida to‘lanayotgan ustama to‘xtatilgani va ilgari to‘langan ustama pullar qaytarilishi talab qilinayotgani haqida murojaatlar kelib tushmoqda. Holat yuzasidan mavjud normativ-huquqiy hujjatlar asosida aniqlik kiritamiz. Bu boradagi tahliliy yondashuvni “Xalqtaliminfo.uz” sizga taqdim etadi.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-dekabrdagi 681-son qaroriga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlariga menejerlik o‘quv kurslarini o‘taganlik uchun 50%, direktor o‘rinbosarlariga esa 30% ustama belgilangan.
Biroq, qarorga ilova qilingan nizomning 4-bandida ushbu tartib ayrim maktab tiplari — jumladan Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar, sanatoriy turidagi muassasalar, maktab-internatlar va nogironligi bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablardagi direktor lavozimiga nisbatan qo‘llanilmasligi ko‘rsatilgan.
Diqqatga molik jihati — bu istisno faqat direktor lavozimi haqida bo‘lib, direktor o‘rinbosarlari ushbu cheklov doirasiga kirmaydi. Demak, ixtisoslashtirilgan maktablarda faoliyat yuritayotgan direktor o‘rinbosarlarga menejerlik sertifikati asosida 30% ustama to‘lash hujjat bilan ruxsat etilgan va qonuniy hisoblanadi.
Yana bir muhim nuqta: agar ilgari ushbu ustamalar qonuniy asosda to‘langan bo‘lsa, ularni qaytarib olish ham qonunga zid hisoblanadi. Mehnat kodeksining 269-moddasiga ko‘ra, xodimga ortiqcha to‘langan ish haqi faqat maxsus holatlarda undiriladi, ammo bunda xodimning aybi yoki vijdonsizlik harakati isbotlanishi kerak.
Xuddi shunday, Fuqarolik kodeksining 1030-moddasida ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar xodim tomonidan vijdonsizlik qilinmagan holda asossiz orttirilgan boylik sifatida qaytarilmasligi qat’iy belgilangan.
