Ijtimoiy tarmoqlarda konsalting kompaniyalari Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Rossiyadagi oliygohlarda oʻqiydi, degan soxta hujjatlar asosida Oʻzbekistondagi xususiy universitetlarning 2-, 3- yoki 4-kurslariga oʻqishga koʻchirib berayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Mazkur xabar yuzasidan biz konsaltingchilar, ayrim xususiy universitetlar bilan suhbatlashib koʻrdik.
Dastlab mijoz sifatida konsalting kompaniyaga bogʻlanganimizda, ular 10 ta xususiy universitetdan biriga oʻqishni koʻchirib berishlari mumkinligini aytishdi. Ushbu universitetlar bilan hamkorligi haqida hujjat soʻraganimizda esa, hech qanday rasmiy maʼlumot taqdim eta olishmadi.
Shundan soʻng ular taklif etgan xususiy universitetlardan ayrimlariga bogʻlandik. Ulardan biri quyidagicha izoh berdi:
— Bizga, koll-markazimizga turli konsalting kompaniyalari haqida “bu kompaniya sizlar bilan ishlaydimi?” degan savollar tez-tez kelib turadi. Biz ularni tanimaymiz. Bizning universitetimizga oʻqishga kirish yoki oʻqishni koʻchirish uchun hech qanday konsalting kompaniya orqali borib, qoʻshimcha pul toʻlash shart emas. Hamma hujjatlar talabgorning oʻzi tomonidan rasmiy platformamiz orqali elektron koʻrinishda yuklanadi. Agar oʻqishni koʻchirish boʻlsa, keyinchalik original hujjatlarni universitetga olib kelish soʻraladi.
Konsalting tashkilotlari talabgor nomidan ariza yuboryaptimi, qarindoshiman deb hujjat topshiryaptimi — bizning bundan xabarimiz boʻlmasligi mumkin. Ishonchim komilki, ayrim talabalar pul toʻlab konsalting orqali hujjat topshirgan boʻlsa, boshqa talabalar tekinga topshirganini bilib qolib, eʼtiroz bildirishgan holatlar boʻlgan. Ammo biz kimdir pul toʻlab, kimdir nomidan bizning qabul saytimiz orqali hujjat topshirganini bilmasligimiz mumkin.
— Agar sizlar u konsalting firmasini tanimasangiz, nega sizlarning universitetingiz nomini ham reklamada ishlatishyapti?
— Eʼtibor bersangiz, konsalting kompaniyalari 10 ta universitet taklif etayotgan boʻlsa, ulardan 5–6 tasi 10 mingdan ortiq talabaga ega, obroʻ topgan xususiy universitetlardir. Ular odamlar ishonishi uchun ana shunday nufuzli universitetlarni nomiga qoʻshib reklama qilishadi, deb oʻylayman. Faqat hech kim tanimaydigan OTMlarni taklif qilishsa, talabgor ishonmasligi mumkin.
— Deylik, abituriyent konsalting orqali siz ishlayotgan universitetni tanladi. Bu universitetning konsalting bilan aloqasi yoʻq. Bunday holatda ular qanday yoʻl tutadi?
— Odatda ikkita yoʻldan foydalanishadi. Birinchisi — talabgor nomidan oddiy abituriyent sifatida qabul sayti orqali hujjat topshirishadi. Qabul qilinsa, “xizmat” uchun pul olishadi. Ikkinchisi — qabul qilinmasa, “bu universitetda joy tugagan, oʻrniga mana buni tavsiya qilamiz”, deb boshqasini taklif qilishadi.
Talaba oqish boshlaganidan keyin esa, boshqa iloj qolmaganidan “shunga ham roziman”, deb oʻqishda davom etaveradi.
— Mayli, qabul sayti yoki oflayn qabul orqali topshirsa ham, hujjatlar tekshirilishi kerak-ku. Agar konsalting kompaniyasi soxta hujjat topshirsa, sizlar ham qabul qilib qoʻyaverishingiz mumkinmi?
— Yoʻq, oʻqishni koʻchirishga oid barcha hujjatlar sinchiklab tekshiriladi. Talabaning avval oʻqigan universitetiga rasmiy soʻrov yuboramiz. Lekin bu yerda bitta murakkab jihat bor:
Agar talabgor aslida oʻsha qoʻshni davlatdagi universitetda oʻqimagan boʻlsa ham, konsalting kompaniya oʻsha universitetdagi biron shaxs bilan til biriktirib hujjat tayyorlab berishi mumkin. Bunday holatda biz soʻrov yuborsak ham, universitetdan “ijobiy javob” kelishi mumkin. Chunki u yerda ham korrupsion element boʻlishi ehtimoldan holi emas.
Achinarlisi shundaki, bizning har bir hujjatni xalqaro miqyosda chuqur tekshirishga vakolatimiz ham, resurslarimiz ham yetarli emas.
— Nodavlat universitetlar haqida shunday xabarlar chiqishi nimaga olib kelmoqda?
— Bu xabarlar, ayniqsa, qabul davrida salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Afsuski, “biz hech qanday konsalting kompaniyalar bilan hamkor emasmiz”, degan rasmiy bayonotlarimiz barcha abituriyentlarga yetib bormayapti.
Shuning uchun, talab koʻp boʻlgan joyda taklif ham paydo boʻladi. Koʻp xodim ishlaydigan joyda “inson omili”ni toʻliq nazorat qilish oson emas. Har qanday notoʻgʻri harakat — masalan, bir xodimning soxta hujjat qabul qilishi yoki pora olishi — butun universitetning nufuziga putur yetkazishi mumkin.
— Ushbu holatlar boʻyicha abituriyent va talabalarga qanday tavsiya berasiz?
— Avvalo, yurtimizdagi barcha davlat va nodavlat universitetlarga oʻqishga kirish yoki oʻqishni koʻchirish uchun hech qanday toʻlovsiz, toʻgʻridan-toʻgʻri hujjat topshirish mumkin. Oʻrtakash konsalting xizmatlaridan foydalanib, ortiqcha pul sarflash shart emas. Eng xavfli jihati — soxta hujjat tayyorlash uchun pul toʻlab, jinoyatga sherik boʻlib qolish xavfi bor. Biz bu kabi holatlardan qatʼiy chetlanishni tavsiya qilamiz. Agar kimdir abituriyentlarga pul evaziga “chet elda oʻqigan” degan soxta hujjat tayyorlab berishni taklif qilsa, darhol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish lozim.
