Bolaga erta smartfon berish ruhiy salomatlik va ta’lim olishiga jiddiy xavf solishi mumkin

Bolaga erta smartfon berish ruhiy salomatlik va ta’lim olishiga jiddiy xavf solishi mumkin

Butunjahon miqyosida 100 mingdan ortiq yoshlar ishtirokida o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarning smartfoni bor bo‘lsa, katta yoshga yetganlarida ruhiy salomatlik va ta’lim olishda salohiyat darajasi past bo‘lishi kabi jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

 

 

Journal of Human Development and Capabilities (Inson Rivojlanishi va Salohiyati Jurnali) ilmiy nashrida chop etilgan maqolada aytilishicha, 18–24 yosh oralig‘idagi yoshlarda smartfonni 12 yosh yoki undan ilgari olganlar orasida turli xil yomon fikrlar, tajovuzkorlik, hayotdan uzilish, hissiyotlarini jilovlay olmaslik va o‘zini qadrsiz his qilish holatlari ancha yuqori ekanligi qayd etilgan.

 

 

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, bu salbiy holatlar asosan erta yoshda ijtimoiy tarmoqlarga kirish, vertual o‘yinlarni doimiy o‘ynash, uyqu buzilishi va oilaviy munosabatlardagi muammolar bilan bevosita bog‘liq.

 

Bolaga erta smartfon berish ruhiy salomatlik va ta'lim olishiga jiddiy xavf solishi mumkin

 

Ushbu tadqiqotni olib borgan Sapien Labs ilmiy markazi — ruhiy salomatlik bo‘yicha dunyodagi eng katta ma’lumotlar bazasiga ega Global Mind Project asosida ishlovchi tadqiqotchilar jamoasi — kelajak avlodlarning ruhiy salomatligini himoya qilish uchun zudlik bilan chora ko‘rishga chaqirgan.

 

 

Tadqiqot muallifi, Sapien Labs asoschisi va bosh olimi neyrobiolog Dr Tara Tiagarajan quyidagilarni ta’kidlagan:

 

“Ma’lumotlarimizdan kelib chiqib ayta olamizki, yoshlikdan smartfondan foydalanish va ijtimoiy tarmoqlarga kirish imkoniyati, ruhiy salomatligida jiddiy o‘zgarishlarga olib keladi. Bu esa faqat depressiya yoki xavotir kabi klassik simptomlarda emas, balki tajovuzkorlik, hayotdan uzilish kabi xavfli belgilar bilan namoyon bo‘lmoqda. Bu alomatlar odatda standart ruhiy salomatlik skrininglari orqali aniqlanmaydi, ammo jamiyat uchun katta tahdid tug‘dirishi mumkin.”

 

Tadqiqotning asosiy xulosalari quyidagilardan iborat:

 

— smartfonni 13 yoshdan oldin olgan yoshlarda Mind Health Quotient (MHQ) — ruhiy salomatlik ko‘rsatkichi — sezilarli darajada past bo‘lgan. Masalan, 13 yoshida smartfon olganlar o‘rtacha 30 ball to‘plagan bo‘lsa, 5 yoshda olganlar bor-yo‘g‘i 1 ball olgan;

 

— erta smartfondan foydalanish qizlar orasida o‘z-o‘zini qadrlash, hissiy bardoshlik va o‘ziga salbiy munosabatdaligi sezilgan bo‘lsa, o‘g‘il bolalarda esa tinchlik, empatiya va hissiy barqarorlikda pasayish kuzatilgan;

 

— erta ijtimoiy tarmoqlarga kirishning salbiy ta’siri oiladagi munosabatlar yomon bo‘lishi, uyquning buzilishi kabi sabablarga ko‘proq bog‘liq ekanligi aniqlangan.

 

 

Dr Tiagarajan shunday deydi:

 

“Bu natijalar qanchalik kuchli chiqqanini ko‘rib dastlab hayron qoldim. Lekin chuqurroq o‘ylab ko‘rganingizda, hali hayotiy tajribasi shakllanmagan yosh ongning onlayn muhitga ko‘proq ta’sirchan bo‘lishi tabiiy hisoblanadi. Biroq, shuni ham tan olish kerakki, bugungi yoshlar ruhiy salomatligiga faqat smartfonlar emas, balki boshqa omillar ham salbiy ta’sir qilmoqda. Shunga qaramay, bizda mavjud bo‘lgan dalillar asosida harakat qilmaslik – bu muammoni yanada chuqurlashishiga olib kelishi mumkin.”

 

Tadqiqotchilar raqamli savodxonlik va ruhiy salomatlik bo‘yicha majburiy ta’lim joriy etish, ijtimoiy tarmoqlarda yoshga oid cheklovlarga rioya qilish kerakligini tavsiya berishmoqda.

 

 

Bugungi kunga kelib, ko‘plab mamlakatlar maktablarda smartfonlardan foydalanishni cheklayotgan bo‘lsa-da, bu hali yetarli emas. Niderlandiya, Fransiya, Italiya va Yangi Zelandiya maktablarida allaqachon bunday cheklovlar joriy etilgan. Yaqinda Nyu-York shtati AQShdagi bir qancha maktablarda smartfonlardan foydalanishni taqiqlaganini e’lon qilgan.

 

Bolaga erta smartfon berish ruhiy salomatlik va ta'lim olishiga jiddiy xavf solishi mumkin

 

Dr Tiagarajan so‘zining yakunida shunday deydi:

 

“Bolalikdan smartfondan foydalanish orqali bola sun’iy intellekt (AI) ishlatiladigan raqamli dunyoga, ya’ni internetdagi ijtimoiy tarmoqlar, o‘yinlar, videolar va boshqa ilovalarga juda erta kirib bormoqda. Bu esa yillar davomida shakllanib sekin-astalik bilan bolaning ruhiy holatiga yomon ta’sir ko‘rsatmoqda. Biz bu xavflarni endi e’tiborsiz qoldirolmaymiz. Vaqtida chora ko‘rilmasa, butun jamiyat uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.”