Film va seriallar orqali til o‘rganish: 7 samarali maslahat

Film va seriallar orqali til o‘rganish: 7 samarali maslahat

Xorijiy tilni o‘rganishda turli usullar mavjud. Ulardan biri — sevimli film va seriallarni original tilda tomosha qilishdir. Bu usul maroqli ham, foydali ham. Biroq shunchaki film ko‘rishning o‘zi yetarli emas. Forbes Education kino orqali til o‘rganishni samaraliroq qilish uchun yetti muhim tavsiyani taqdim etgan.

 

 

 1. Shoshilmang

 

 

Agar tilni endi o‘rganayotgan bo‘lsangiz, filmni tarjimasiz ko‘rishga shoshilmang. Chunki hali lug‘at boyligingiz yetarli bo‘lmagani sababli tushunish qiyin bo‘ladi. Mutaxassislar filmni bemalol tushunish uchun kamida 3 000 ta so‘z bilishni tavsiya qiladi. Boshlanishda darsliklar, o‘quv videolari va moslashtirilgan matnlar bilan ishlash ancha foydaliroq.

 

 

2. Talaffuzni rivojlantiring

 

 

Ko‘plar xorijiy tilni eshitib tushunishda qiynaladi, chunki autentik nutqda so‘zlar bir-biriga ulanadi, baʼzi tovushlar tushib qoladi yoki o‘zgaradi. O‘zingiz mustaqil shug‘ullaning: filmni yoqing, qahramonlarning gaplarini takrorlang, intonatsiyani taqlid qiling.

 

 

Matnli nusxa (skript) orqali o‘zingizni tekshirib turing, shunda to‘g‘ri talaffuz qilayotganingizga ishonch hosil qilasiz. To‘g‘ri talaffuz eshitib tushunishni ancha osonlashtiradi.

 

 

3. Foydali iboralarni yozib boring

 

 

Filmni subtitr bilan ko‘ring. Masalan, yarim soatlik serialdan kamida 5 ta iborani yozib oling. Ular yangi bo‘lmasligi ham mumkin — o‘zingiz ishlatishni istagan iboralarni tanlang. Keyin o‘sha epizodni subtitrsiz qayta ko‘rib, yangi iboralarni tinglab tushunishga harakat qiling.

 

 

Bu lug‘at boyligini oshiradi va eshitish ko‘nikmasini mustahkamlaydi. Agar imkoningiz bo‘lsa, film haqida xorijiy tilda post yozing va yangi iboralardan foydalaning.

 

Film va seriallar orqali til o‘rganish: 7 samarali maslahat

 

4. Yuksak maqsadlar qo‘ying

 

 

Tushunmaslik — to‘xtash uchun sabab emas. Har safar voqealarning faqat umumiy mazmuni bilan cheklanib qolmang, detallarga eʼtibor bering. Maqsad — xorijiy tildagi filmni ona tilingizdagidek erkin va tushunib ko‘rishdir. Bu mutlaqo mumkin. Agar filmning asosiy qismini subtitrsiz tushunayotgan bo‘lsangiz, ulardan voz keching. Tez-tez ishlatiladigan iboralarni yozib boring. Filmga xazina yashiringan g‘or sifatida qarang va undan qo‘lingizni bo‘sh qaytarmang.

 

 

5. Qayta-qayta ko‘ring

 

 

Filmni bir martalik ko‘rish bilan cheklanib qolmang. Uni bir necha bor ko‘ring: subtitr bilan va subtitrsiz. Qiziqarli iboralarni yozib boring. O‘zingizga turli vazifalarni bering: masalan, besh hazil, uch erkalovchi murojaat yoki yangi fe’llarni yozib olish. Har bir qayta ko‘rish eshitish ko‘nikmangizni kuchaytiradi.

 

 

6. Turli janrlarni tanlang

 

 

Tilni mukammal bilish uchun turli vaziyatlardagi nutq uslublarini bilish muhim. Shu sababli turli janrdagi filmlarni ko‘ring: komediyalar, detektivlar, sud jarayonlari yoki opera haqidagi seriallar. Qahramonlarning qayerda, qanday ohangda gapirayotganiga eʼtibor bering.

 

 

Til boyligingizni kengaytiring. Hayotda bu uslublarning barchasini ishlatmasangiz ham, ular tilni chuqur tushunishga yordam beradi. Chunki maʼno nafaqat nimani gapirayotganimizda, balki uni qanday aytayotganimizda ham yashirinadi.

 

 

7. Filmni ko‘rdingizmi? Endi o‘qing!

 

 

Filmni ko‘rdingiz va u sizga yoqdimi? Undan keyin u haqda nima yozilganini o‘qing. Aktyorlar bilan intervyularni toping. Balki sevimli qahramonlaringiz haqida fanfiktlar ham yozilgandir? Bunday qo‘shimcha materiallarni o‘qish film haqidagi bilimlaringizni kengaytiradi va yana filmda ishlatilgan lug‘atni eslatadi.

 

Film va seriallar orqali til o‘rganish: 7 samarali maslahat

 

Filmni muhokama qilishda ishtirok eting, sharh yozing, izohlarga javob bering. O‘qituvchingiz yoki xorijiy do‘stlaringiz bilan film haqida suhbatlashing — bu yangi o‘rgangan til materialini amaliyotda qo‘llash imkonini beradi va nutqingizni boyitadi.

 

 

Xulosa: film va seriallar til o‘rganishda kuchli vosita hisoblanadi. Lekin ularni shunchaki fon sifatida ko‘rish bilan chegaralanmang. Uni o‘zingizga ustoz va yordamchi qiling. Nutqni eshitib tushunishni rivojlantiring, talaffuz ustida ishlang, foydali iboralarni yozib boring va ulardan foydalaning.