Germaniya Apple va Google’dan DeepSeek ilovasini bloklashni so‘radi

Germaniya Apple va Google’dan DeepSeek ilovasini bloklashni so‘radi

 

Joriy yilning 27-iyun kuni Germaniyaning ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha kuzatuv organlaridan biri DeepSeek ilovasi foydalanuvchi ma’lumotlarini noqonuniy ravishda Xitoyga yuborayotganini aytib, Google hamda Apple kompaniyalaridan ushbu sun’iy intellekt xizmatini bloklash masalasini ko‘rib chiqishni so‘radi. Bu haqda CNBC xabar berdi.

 

 

Berlinning ma’lumotlarni himoya qilish komissari Mayke Kamp bergan bayonotida ‘‘DeepSeek’’ tomonidan Germaniya foydalanuvchilarining ma’lumotlarini Xitoyga uzatish “noqonuniy” ekani ta’kidlangan.

 

 

DeepSeek bilan bevosita bog‘lanish imkoniyati hozircha mavjud emas. CNBC nashriyoti DeepSeek’ning shaxsiy bo‘limiga murojaat qilgan.

 

 

Xitoyning DeepSeek kompaniyasi joriy yilda Nvidia’ning nisbatan kam quvvatli chiplaridan foydalanib, raqobatchilariga qaraganda ancha arzonga tushadigan sun’iy intellekt modelini yaratganini e’lon qilib, katta shov-shuv ko‘targandi.

 

 

Kompaniyaning global sun’iy intellekt chatbot ilovasi ham bor bo‘lib, u millionlab marta yuklab olingan va jiddiy nazorat ostiga tushgan.

 

Germaniya Apple va Google’dan DeepSeek ilovasini bloklashni so‘radi

 

Mutaxassislarning aytishicha, Germaniya DeepSeek’ga qarshi ishni davom ettirsa, bu ilova Yevropa Ittifoqi bo‘ylab taqiqlanishiga olib kelishi mumkin.

 

“Bu voqea Yevropa Ittifoqi bo‘ylab taqiqka sabab bo‘lishi ehtimoli bor, chunki Germaniyada amal qiladigan qoidalar Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyada ham bir xil. Biroq bunga erishishdan oldin bir nechta bosqichlarni o‘tish zarur,” — dedi Cripps yuridik firmasining sun’iy intellekt va ma’lumotlar bo‘yicha mutaxassisi, advokat Mett Holman CNBC’ga elektron pochta orqali.

 

Germaniyaning DeepSeek bilan muammosi nimada?

 

“DeepSeek mening idoramni Germaniya foydalanuvchilari ma’lumotlari Xitoyda Yevropa Ittifoqi darajasidagi himoya ostida ekaniga ishontira olmadi. Xitoy hukumatining xitoy kompaniyalari ta’sir doirasidagi shaxsiy ma’lumotlarga keng ko‘lamli kirish huquqi bor,” — dedi Germaniya komissari Kamp, CNBC tarjimasiga ko‘ra.

 

Yevropa Ittifoqining Umumiy ma’lumotlarni himoya qoidasi (GDPR) ga ko‘ra, kompaniyalar ma’lumotlarni Yevropa hududidan tashqariga chiqarmasligi kerak. Agar u yo‘nalgan davlatda yetarli darajada xavfsizlik chorasi ta’minlanmagan bo‘lsa, bu choralar Yevropa darajasidagi GDPR talablariga mos bo‘lishi shartligini bildirgan.

 

 

Qisqacha aytganda, Berlin ma’lumotlarni himoya qilish komissarining tashvishi shundan iboratki, DeepSeek tomonidan Xitoyga yuborilgan Germaniya foydalanuvchilarining ma’lumotlariga Xitoy hukumatining kirish imkoniyati bo‘lishi mumkin.

 

Keyingi qadamlar qanday?

 

Berlin kuzatuv organi 27-iyun kuni Apple va Google’ni DeepSeek’ning da’vo qilinayotgan qonunbuzarliklari to‘g‘risida xabardor qilganini va ushbu AQSh texnologiya gigantlaridan ilovani o‘z do‘konlaridan olib tashlash masalasini “o‘z vaqtida ko‘rib chiqishlarini” kutayotganini bildirgan.

 

 

Google va Apple bu masalada qanday choralar ko‘rishi noma’lum. CNBC ikkala kompaniyaga ham izoh olish uchun murojaat qilgan.

 

Germaniya Apple va Google’dan DeepSeek ilovasini bloklashni so‘radi

 

Cripps kompaniyasidan Holman’ning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi bo‘ylab taqiq ehtimoli bor, ammo bunga erishish uchun birinchi navbatda ittifoqdagi barcha nazorat organlari bunga mos qaror chiqarmog‘i kerak.

 

“Agar Apple va Google DeepSeek ilovasini o‘z ilovalar do‘konlaridan olib tashlasa, bu amalda Yevropa Ittifoqi bo‘ylab taqiq bilan barobar bo‘ladi.

 

DeepSeek uchun oqibatlar, tabiiyki, juda keskin bo‘lishi mumkin. Germaniya fuqarolarining ma’lumotlariga kirish imkoniyati cheklanadi. Tez orada, agar boshqa milliy nazorat organlari ham shunday choralarni ko‘rsa, bu Yevropa Ittifoqi va ehtimol Buyuk Britaniya bozorlariga ham tarqalishi mumkin.

 

Apple va Google ilovani o‘chirib tashlasa, DeepSeek ushbu bozorlarni yo‘qotishi ehtimoldan xoli emas,” — degan Holman.

 

Bu DeepSeek’ning Yevropada nazorat organlari bilan birinchi to‘qnashuvi emas. Italiya ma’lumotlarni himoya qilish idoralari fevral oyida DeepSeek’ga mamlakatda o‘z ilovasini bloklashni buyurgan edi. Shu bilan birga, Irlandiya organlari yanvar oyida DeepSeek’dan ularning ma’lumotlarni qayta ishlash tartibi haqida ma’lumot talab qilgan edi.