Har bir davlatda jamiyat elitasini shakllantiruvchi muayyan ta’lim tizimlari mavjud. Hindistonda esa bu rolni Indian Institutes of Technology (IIT) egallaydi. Unga kirish uchun o‘tkaziladigan Joint Entrance Examination (IIT JEE) esa nafaqat Hindistonda, balki butun Osiyodagi eng murakkab imtihonlardan biri hisoblanadi.
IIT JEE nima?
IIT JEE (Joint Entrance Examination) – Hindistondagi eng nufuzli texnika universitetlari, jumladan Indian Institute of Technology (IIT) tizimiga kirish uchun topshiriladigan kirish imtihonidir. Bu test asosan fizika, kimyo va matematika fanlaridan chuqur bilim talab qiladi va talabalar orasida “aqllilar marafoni” deb ataladi.
IIT JEE – bu oddiy test emas, u hind yoshlarining hayotini butunlay o‘zgartirishi, ularni jamiyatning past pog’onasidan eng yuqori qatlamiga olib chiqishi va orzular sari yo‘l ochishi mumkin. Shu bilan birga, bu imtihon o’quvchilardan, sabr, qat’iyat va moddiy taraflama ta’minotni talab qiladi.
Imtihon tartibi
IIT JEE ikki bosqichdan iborat:
1. JEE Main – Hindistondagi aksariyat texnika oliygohlariga kirish uchun zarur bo’lgan birlamchi imtihon.
2. JEE Advanced – nufuzli IITlarga kirish uchun talab qilinadigan imtihon. Bu imtihonga faqat JEE Main bosqichidan yuqori ball olganlar (taxminan 250 000 kishi) qatnashishlari mumkin.
Bu imtihonda fizika, matematika va kimyo fanlaridan testlar berilib, ularni yechishda yuqori darajada mantiqiy fikrlash, formulalarni noan’anaviy qo‘llash, grafik tahlil qilish va masalalarni nostandart yo’llar bilan yechishni talab qiladi.
Nega IIT JEE bunchalik murakkab?
Raqobat darajasi nihoyatda yuqori. Har yili 1.2 milliondan ortiq o‘quvchi JEE Main imtihonini topshiradi, ularning atigi 2-3% qismi JEE Advanced bosqichiga o‘tadi, ulardan 10-12 ming atrofidagilargina IITga qabul qilinadi.
IIT JEE imtihonida faqatgina faktni bilish kifoya qilmaydi balki ularni tahlil qilish, tasavvur qilish va real hayotiy masalalar orqali yechim berish talab qilinadi. Imtihon topshirish paytida 3 soatda 90 ga yaqin savolni yechish kerak bo‘ladi. Bu esa tez fikrlash va hissiy bosim ostida ishlashni talab qiladi.
IIT JEE’da korrupsiya yoki «tanish-bilishchilik» yo‘q. Natija faqat bilimga bog‘liq. Bu esa uni yanada adolatli, ammo kuchli raqobatdagi imtihon darajasiga olib chiqqan.
Imtihonga tayyorgarlik
Hindistonda ko‘plab o‘quvchilar IIT JEE ga 2-3 yil avvaldan maxsus repetitorlik markazlarida tayyorgarlik ko‘radi. Kota shahri esa IIT JEE tayyorgarlik markazlarining eng mashhuri hisoblanadi. Bu yerda yillab o‘qib, testlar yechib, har oy sinov imtihonlarida qatnashish odatiy hol.
Tayyorgarlik davomida ko‘pchilik o‘quvchilar:
Har kuni o’quvchilar 10–12 soatlik davomli darslarda qatnashishadi. Har haftalik testlar orqali o‘z natijalarini kuzatib borishadi. Matematika va fizika kabi fanlaridan faqat nazariy emas, amaliy jarayonga bog’liq masalalarni yechishni o’rganishadi.
IIT diplomini olish nima beradi?
IIT bitiruvchilari Hindiston va butun dunyodagi eng kuchli kompaniyalar – Google, Microsoft, Apple, Amazon kabi texnologik gigantlarda ishlaydilar. Ko‘plab bitiruvchilaridan mashhur startap asoschilari, olimlar va davlat arboblari yetishib chiqishgan. Aynan shuning uchun IIT JEE imtihoniga orzular va mashaqqatlar o‘rtasidagi ko‘prik sifatida qaraladi.
Qiziqarli faktlar
1992-yilda Hindistonlik iqtidorli matematik o‘qituvchi Anand Kumar kambag‘al, ammo zukko o‘quvchilar uchun bepul ta’lim loyihasini yo’lga qo’ygan. «Super 30» deb nomlangan bu tashabbusda u har yili 30 nafar iqtidorli, ammo moliyaviy qiyinchilikdagi o‘quvchini tanlab olib, ularni Hindistondagi eng obro‘li texnika universiteti – IITga tayyorlaydi.
Ular uchun bepul ta’lim, turar joy va oziq-ovqatlarini ta’minlab, faqat bilim olishlari uchun muhit yaratadi. Natija esa hayratlanarli. Bu loyiha — ta’lim faqat boylar uchun emasligini, haqiqiy fidoyilik va ishonch esa jamiyat hayotini o‘zgartirishga qodirligini isbotlaydi. Ushbu voqea asosida «Super 30» filmi ham yaratilgan.
IIT JEE savollarining tuzish mutlaqo maxfiy. Har yilgi testlar o‘ta maxfiylik bilan ishlab chiqariladi. Biror inson yoki tashkilot o‘z savolini oshkor qilgan taqdirda, imtihon bekor qilinishi mumkin.
Ko‘plab xalqaro universitetlar IIT JEE natijasini tan oladi. Singapur, AQSh va Kanada universitetlari ham IIT JEE balliga qarab stipendiya taklif qiladi. Ayollar uchun alohida kvotalar mavjud. Hindiston hukumati qizlarni texnik sohalarga jalb qilish maqsadida IITda gender kvotalarini joriy etgan.


