Google Kompaniya rahbariyati bir qator bo‘limlar xodimlariga, jumladan, bilim va axborot bo‘limi (K&I), muhandislik, marketing, ilmiy tadqiqotlar va kommunikatsiya bo‘limlariga ixtiyoriy ishdan ketish evaziga kompensatsiya to‘lash taklifini bildirdi.
Bilim va axborot bo‘limi (Knowledge & Information, K&I) tarkibiga qidiruv tizimi, reklama va tijorat bo‘yicha jamoalar kiradi. Ushbu bo‘limda taxminan 20 ming xodim faoliyat yuritadi. Bu tashabbus 2023-yilda 12 ming xodim ishdan bo‘shatilganidan keyin boshlangan shtatni qisqartirish bo‘yicha davom etayotgan harakatlarning bir qismi hisoblanadi.
Ixtiyoriy ishdan ketish dasturi (Voluntary Exit Program, VEP) hozircha AQShdagi xodimlarga nisbatan qo‘llanilmoqda. K&I bo‘limi rahbari Nik Foks o‘z memorandumida bu dasturning, ayniqsa, kompaniya strategiyasini qo‘llab-quvvatlamaydigan, ishidan ilhomlanmayotgan va vazifalarini bajarishda qiyinchilikka duch kelayotgan xodimlar uchun mo‘ljallanganini ta’kidlagan.
Google joriy yil boshida ham boshqa bo‘limlar uchun ixtiyoriy ishdan ketish dasturlarini ishga tushirgan edi. Yanvar oyida bu kabi dastur Platforms and Devices bo‘limi — Android, Chrome, Google Photos va Pixel kabi mahsulotlar ustida ishlovchi 25 mingga yaqin xodimni qamrab olgan. Fevralda esa People Operations (Kadrlar bilan ishlash), shuningdek, yuridik va moliyaviy bo‘limlar xodimlariga ham shunday takliflar berilgan.
People Operations bo‘limida o‘rta va yuqori lavozimdagi xodimlarga 14 haftalik ish haqi miqdorida tovon puli va kompaniyada ishlagan har bir to‘liq yil uchun qo‘shimcha bir haftalik ish haqi miqdorida qo‘shimcha kompensatsiya taklif qilingan edi. Nik Foksning qayd etishicha, K&I bo‘limida bu dasturni yo‘lga qo‘yish qarori aynan boshqa bo‘limlardagi ijobiy tajriba va fikr-mulohazalardan so‘ng qabul qilingan.
Kompensatsiyalardan tashqari, Google xodimlarning ofisga qaytish siyosatini ham qat’iylashtirmoqda. Ofisdan 50 mil (taxminan 80 km) radiusda yashovchi masofadan ishlovchi xodimlar haftasiga kamida 3 kun ofisga borishni nazarda tutuvchi gibrid ish tartibiga o‘tishi mumkin.
CNBC aprel oyida xabar berganidek, Google ba’zi masofadan ishlovchi xodimlarga ofisga qaytishni talab qilgan, aks holda ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilgan hollari ham bo‘lgan.

