Germaniyada 5-sinf oʻquvchilariga uyda ham ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanadi 

Germaniyada 5-sinf oʻquvchilariga uyda ham ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanadi 

Germaniyaning Zolingen shahrida 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab 5-sinf oʻquvchilariga TikTok, Instagram va Snapchat kabi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanadi. Bu qoida ham uyda, ham maktabda amal qiladi. Bu haqda News4teachers xabar bergan.

 

 

 Bu Germaniyada ilk bor amalga oshirilayotgan pilot loyiha bo‘lib, unda maktablar, ota-onalar va psixologlar birlashib, bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga ortiqcha qaramligini kamaytirish niyatida.

 

 

Loyiha tashabbuskorlaridan biri, Zolingen shahri maktab psixologik xizmatining rahbari Markus Surreyning ta’kidlashicha, ushbu tashabbus bolalarning haqiqiy hayotga qaytib, ko‘proq o‘yin, suhbat va tinglashga vaqt ajratishini ta’minlashga xizmat qiladi. Surrey, bolalarning o‘zlari va ota-onalarining telefon va internetga haddan tashqari berilib ketganini qayd etadi.

 

 

Bu tashabbus nafaqat maktab yoki ota-onalar, balki maxsus tuzilgan kelishuvlar asosida umumiy javobgarlikni talab qiladi. Shahar bo‘ylab barcha maktab va ota-onalar kelishuvga imzo chekib, bolalarining ijtimoiy tarmoqlardan uzoq turishini kafolatlaydi.

Germaniyada 5-sinf oʻquvchilariga uyda ham ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanadi 

«Bu Germaniya uchun noyob tajriba», — deb yozadi Rheinische Post (RP). G‘oya shundan iboratki, agar barcha beshinchi sinf o‘quvchilari ijtimoiy tarmoqlardan voz kechsalar, ularga do‘stlar orasida «moslashish» yoki «tegishli bo‘lish» uchun bosim bo‘lmaydi.

 

Javobgarlik faqat ota-onalar yoki maktablarga emas, balki maxsus tuzilgan ta’limiy kelishuvlar orqali umumiy tartibda nazorat qilinadi. Bu kelishuvlarni maktablar va ota-onalar birgalikda imzolaydi va ular orqali aniq qoidalar belgilab olinadi.

 

«Bizni bolalarning nafaqat o‘z xatti-harakatlari, balki ota-onalari haqida aytgan gaplari ham larzaga soldi», — deb qo’shimcha qilgan tahririyat.

 

Loyiha tarafdorlari orasida ko‘plab o‘qituvchilar ham bor. Ularning fikricha, so‘nggi yillarda o‘quvchilarning diqqat markazi va bilim olish qobiliyati sezilarli darajada pasaygan. Zolingen gimnaziyasi direktori Aleksandr Lyubek esa bu muammoni birgina maktablar yengib o‘ta olmasligini tan olgan.

 

 

Shaharda mobil telefonlardan foydalanish qoidalari allaqachon mavjud bo‘lsa-da, uydagi nazorat yetishmayotgan edi. Bu loyiha aynan shu bo‘shliqni to‘ldirishga mo‘ljallangan.

Germaniyada 5-sinf oʻquvchilariga uyda ham ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanadi 

Shu bilan birga, barcha ota-onalar ham bu tashabbusga birdek ijobiy qarashmayapti. Ba’zilar bolalarining sinfdoshlari orasida «begona» bo‘lib qolishidan xavotirda. Loyiha tashabbuskorlari esa, bunday umumiy taqiq tufayli ota-onalar endi «boshqalarga mumkin, bizga mumkin emas» degan bahonalarni eshitmasligini ta’kidlamoqda.

 

 

Shunga qaramay, ba’zi o‘quvchilar va ekspertlar bu taqiqning natijalariga shubha bilan qarashyapti — ularga ko‘ra, har doim qoida buziladigan holatlar bo‘lishi mumkin.

 

 

Zolingen shahri esa bu borada to‘xtab qolishni rejalashtirmayapti: kelgusida boshlang‘ich va yuqori sinf o‘quvchilarini ham ushbu loyiha doirasiga kiritish ehtimoli mavjud. Markus Surreyning fikricha, «buni imkon qadar yosh bolalardan boshlash kerak».

 

 

Mutaxassislar bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan holda, uni faqatgina taqiq bilan cheklab bo‘lmasligini, bolalarda ijtimoiy tarmoqlardan ongli va xavfsiz foydalanish madaniyatini shakllantirish zarurligini ta’kidlamoqda. Zolingen tajribasi boshqa shaharlar va mamlakatlar uchun ham muhim namunaga aylanishi mumkin.