Savol:
56 kun yillik uzaytirilgan mehnat ta’tili olish huquqiga ega bo‘lgan 12 yoshga to‘lmagan 2 va undan ortiq bolasi yoki 16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolasi bo‘lgan pedagog xodim yana qo’shimcha 4 kalendar kunlik ta’tilni olishga haqlimi?
Javob:
Mehnat kodeksining 401-moddasiga ko’ra, o‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq bolaning yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaning ota-onasidan biriga (ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxsga) har yili davomiyligi kamida to‘rt kalendar kun bo‘lgan haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til beriladi.
Shuningdek, 236-moddaga ko’ra, xodimlarga onalik, bolalarni parvarishlash, ta’lim olish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida, shuningdek boshqa ijtimoiy maqsadlarda beriladigan ta’tillar ijtimoiy ta’tillardir.
Shu kodeksning 222-moddasiga binoan esa har yilgi mehnat ta’tilining umumiy davomiyligini hisoblab chiqarishda qo‘shimcha ta’tillar har yilgi asosiy eng kam ta’til yoki har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’tilga qo‘shib jamlanadi.
Barcha hollarda qonunchilik bilan belgilangan ta’tillarni jamlashda ularning davomiyligi bir ish yili uchun ellik olti kalendar kundan oshib ketishi mumkin emas.
Ya’ni kodeksning 222-moddasi har yilgi asosiy va qo’shimcha mehnat ta’tillarni jamlash tartibini belgilab beradi, ijtimoiy ta’tillarga esa aloqasi yo’q.
Xulosa qilib aytganda, 56 kun yillik uzaytirilgan mehnat ta’tili olish huquqiga ega bo’lgan 12 yoshga to‘lmagan 2 va undan ortiq bolasi yoki 16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolasi bo‘lgan pedagog xodim yana qo’shimcha 4 kalendar kunlik ta’tilni olishga haqli.
Manba: Xalq ta’lim info
