Prezidentning “Tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent davlat stomatologiya instituti negizida Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etilishi haqida xabar bergan edik.
Ushbu yangi universitetga Shuhrat Abdujalilovich Boymuradov rektor qilib tayinlandi.
Yangi universitet tibbiy kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish va ilmiy-tadqiqot faoliyatini takomillashtirishga ixtisoslashgan zamonaviy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Universitet uchta tibbiyot oliy ta’lim muassasasini birlashtirgan holda faoliyat yuritadi. Unda xalqaro talablarga javob beradigan ta’lim muhiti, zamonaviy moddiy-texnika bazasi, ilg‘or boshqaruv tizimi, transformatsiya ofisi hamda xalqaro akkreditatsiyani amalga oshiruvchi milliy markaz tashkil etiladi.
Shuningdek, xalqaro mutaxassislar jalb etilishi, ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan yangilash, moddiy-texnika ta’minotini kuchaytirish va ta’lim sifatini baholash mexanizmlarini joriy etish belgilangan. Universitet boshqaruv tizimi rahbarlari yangilandi.
