Namanganda oilaviy bogʻcha tarbiyachisi 1,5 yosh bolaning oyogʻini kuydirib qoʻygani aytilmoqda

Namanganda oilaviy bogʻcha tarbiyachisi 1,5 yosh bolaning oyogʻini kuydirib qoʻygani aytilmoqda

Pop tumani Sang qishlogʻidagi oilaviy bogʻchalardan birida 23-aprel kuni tarbiyachi 1.5 yosh bolaning oyog’ini kuydirib qo’ygan, ammo bolaga birinchi yordam qilinmay, 3-4 soat qarovsiz ushlab turilgan. Bu haqda bolaning onasi Kun.uz ga murojaat yo’llagan.

 

Onaning aytishicha, tarbiyachi bolaning yonida issiq suvni qoldirgan, uning eʼtiborsizligi tufayli qizaloqning oyogʻi kuygan.

 

«Tarbiyachi kuydirgan. Oyogʻi kuygandan soʻng meni chaqirmagan ham, 3-4 soat olib oʻtirgan. Shifokorga ham olib bormagan, qizingiz uxlayapti – deb olib oʻtiravergan, olgani borsam aytyapti kuydirib qoʻydim – deb. Keyin oʻzim oʻz hududimizdagi tez yordamga bordim. Oʻsha yerda birinchi yordam qilishdi.

Tez yordamdagilar ham “nimaga zudlik bilan bizga olib kelmaydi” deb aytishdi. Birovning bolasining oyogʻini kuydirar ekanda, yana bemalol yurar ekan uyida. Nimaga qaramadingiz, nimaga issiq suvni yoniga qoʻyasiz – desam, meni uyidan haydab soldi. Yaxshiroq qaramabsizda desam, hech nima qilmaydi deb er-xotin biz bilan urushdi, qoʻlingdan kelganini qil dedi’, – deydi qizaloqning onasi Madina Roʻziboyeva.

 

 

Ona soʻzlarining isboti tariqasida bir qancha suratlar va video taqdim etgan. Taqdim etilgan videoda esa bogʻcha rahbariyati bilan tortishuv boʻlgani, bir erkak ayolga qarata “istagan joyiga borib murojaat qilishini” dagʻdagʻa qilgani koʻrinadi.

 

 

Murojaatchi bogʻcha hech qanday hujjatsiz faoliyat yuritayotganini, buni esa oʻzi ham endi bilganini aytgan.

 

Shuningdek, Namangan Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmatining holat yuzasidan rasmiy munosabat bildir. Ma’lum qilinishicha, «Bog‘» MFY hududida fuqaro S. Fazliddinova tomonidan uyida noqonuniy ravishda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan va litsenziyasiz ta’lim – tarbiya faoliyati bilan shug‘ullanganligi aniqlangan.

 

Ushbu noqonuniy maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati to‘xtatilib, yuqoridagi holat yuzasidan huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga barcha hujjatlar taqdim etilganligi bildiriladi.