14 yoshli oʻquvchi yurak kasalliklarini yetti soniyada aniqlaydigan sun’iy intellekt yaratdi

14 yoshli oʻquvchi yurak kasalliklarini yetti soniyada aniqlaydigan sun’iy intellekt yaratdi

14 yoshli Siddharth Nandyala sunʼiy intellekt va tibbiyot sohasida katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Hindistonning Anantapur shahrida tugʻilib, hozirda AQSHning Texas shtatidagi Frisko shahrida yashaydigan bu yosh ixtirochi butun dunyoda sunʼiy intellekt boʻyicha eng yosh sertifikatga ega boʻlgan mutaxassis sifatida tan olingan. U Oracle va ARM kabi yirik texnologik kompaniyalarning sertifikatlariga ega.

 

 

Siddharth CircadiaV nomli yangicha sunʼiy intellekt ilovasining muallifi hisoblanadi. Ushbu dastur yurak urishini telefon orqali yozib olib, atigi yetti soniyada yurak bilan bogʻliq kasalliklarni aniqlash imkonini beradi. Bu texnologiya yurak xastaliklarini erta bosqichda aniqlashda katta yordam beradi.

 

 

CircadiaV dasturi hozirgacha AQSHda 15 000 dan ortiq, Hindistonda esa 700 nafardan koʻproq bemorda sinovdan oʻtkazilgan. Jumladan, Guntur Davlat Shifoxonasida ham bu tizim muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazilgan. Dastur 96 foizdan ortiq aniqlik darajasiga ega va ayniqsa, yetarli tibbiy infratuzilmaga ega boʻlmagan hududlarda foydali boʻlishi kutilmoqda.

 

 

Andhra-Pradesh shtati bosh vaziri N. Chandrababu Naidu Siddharthning ishini yuqori baholab, uni katta yutuq deb atadi. “Yosh boʻlishiga qaramay, Siddharthning texnologiyani insoniyat manfaatiga yoʻnaltirayotganiga qoyil qolaman. U haqiqiy ilhom manbai. Uning sogʻliqni saqlash texnologiyalari boʻyicha qilayotgan ishlari toʻliq qoʻllab-quvvatlanadi,” — deya taʼkidladi Naidu.

 

 

Siddharth faqat yurak xastaliklariga oid dastur bilan emas, balki taʼlim sohasida ham faoliyat yuritmoqda. U STEM IT nomli taʼlim loyihasining asoschisi va rahbari boʻlib, bu orqali butun dunyo oʻquvchilariga informatika, robototexnika va sunʼiy intellekt yoʻnalishlarida bilim beradi. Maqsadi — yoshlarni texnologiyadan foydali yoʻllar bilan foydalanishga undash.

 

 

Bundan tashqari, Siddharth ong orqali boshqariladigan, yaʼni EEG (miya toʻlqinlarini oʻqiydigan) texnologiyasiga asoslangan arzon protez qoʻl ustida ham ishlamoqda. Odatda, bunday yuqori texnologiyali protezlar 400 000 dollardan oshadi, ammo Siddharthning loyihasi bu narxni 300 dollargacha tushirishni koʻzda tutgan. Bu esa ayniqsa bolalar va iqtisodiy imkoniyatlari cheklangan bemorlar uchun katta yengillik boʻladi.

 

 

Siddharthning bu kabi ishlari siyosatchilar va texnologiya sohasidagi mutaxassislar tomonidan ham eʼtirof etilgan. Andhra-Pradesh bosh vaziri Chandrababu Naidu va uning oʻrinbosari Pawan Kalyan Siddharthni sunʼiy intellekt asosidagi tibbiy yechimlar borasidagi ilgʻor ishlar uchun ochiqchasiga maqtashgan.

 

 

Shu yoshidayoq texnologiyadan inson hayotini yaxshilash yoʻlida foydalanayotgan Siddharth Nandyala butun dunyo yoshlariga ilhom boʻlayotgan haqiqiy iqtidor egasidir.