2025-yil 1-apreldan boshlab Rossiya maktablariga qabul qilinayotgan migrant bolalar uchun rus tilini bilish boʻyicha majburiy test sinovlari joriy etiladi. Bu haqda Rossiya Bosh vaziri oʻrinbosari Dmitriy Chernishenko RIA Novostiga bergan intervyusida maʼlum qildi.
Chernishenkoning aytishicha, hozirda Rosobrnadzor metodik materiallar, test sinovlari tizimi va baholash mezonlarini ishlab chiqishni yakunlamoqda.
“Biz har bir sinf uchun turli darajadagi test sinovlari talab etilishini tushunamiz. Shuning uchun, 2025-yil 1-apreldan boshlab ushbu tizim mamlakatimizdagi barcha taʼlim muassasalarida amalga oshiriladi”, — dedi u.
Ma’lum qilinishicha, har yili Rossiya maktablariga taxminan 155 ming migrant bola qabul qilinadi. Yangi qonunga muvofiq, endi rus tilini bilish darajasini tekshiruvchi testni muvaffaqiyatli topshirmagan bolalar maktabga qabul qilinmaydi.
Shuningdek, Rossiya Taʼlim vazirligi ta’kidlashiga koʻra, test davlat yoki mahalliy taʼlim muassasalarida bepul oʻtkaziladi.
Ushbu choralar maktablarda taʼlim sifati oshishiga va bolalarning mahalliy muhitga osonroq moslashishiga xizmat qilishi kutilmoqda. Hukumat bolalarga rus tilini oʻrganish uchun zarur resurslarni taqdim etishni ham rejalashtirmoqda.
