Andijonda maktab o‘quvchilari dars hisobidan 3 kunlik armiyaga yuborilmoqda

Kun.uz xabar qilishicha, Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning tashabbusi bilan bir guruh maktab oʻquvchilari 3 kunlik harbiy xizmatga yuborilyapti. Hokimlik buni prezidentning tegishli topshirigʻi bilan amalga oshirayotganini maʼlum qilgan. Ammo topshiriqda bolalarni armiyaga dars hisobidan yuborilishi belgilanmagan. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi holat nazoratga olingani va oʻquvchilar bunday jarayonlarga jalb etilmasligi boʻyicha koʻrsatma berilganini aytgan.
 

 

Ma’lumotlarga ko’ra, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning Telegramʻdagi rasmiy kanaliga 27-noyabr kuni viloyatdagi bir guruh maktab oʻquvchilari 3 kunlik harbiy xizmatga joʻnatilayotgani aks etgan video yuklagan.

 

 

Qayd etilishicha, hududdagi 20 ga yaqin umumtaʼlim maktablaridan yuzlab bitiruvchi sinf oʻquvchilari 3 kunlik harbiy xizmatga borib qaytishga ulgurgan.

 

 

“…viloyatimiz hokimi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu tashabbusni Andijon yoshlari katta hursandchilik ila qarshiladi”, – deyiladi xabarda.

Viloyat hokimligi matbuot kotibi Muslimbek Ibrohimovning Kun.uzʻga maʼlum qilishicha, 100 ta maktabda uchrashuv oʻtkazilib, hokim Shuhrat Abdurahmonovning ushbu tashabbusi taklif etilgan. Vaziyati, dars soatlari mos kelgan maktablar bunga rozi boʻlgan.

 

 

Shunga nima deysizlar desa, endi oʻzbek yigitlari, qizlari yaxshi tushunsa kerak, “bajonidil ketdik, iloji boʻlsa hozirning oʻzida” [deydi]. Masalan, meni olib ketsa, ishimni tashlab hozir ketardim, yana qayta qabul qilsa. [Armiya] boshqacha olam, insonning koʻngli bilan bogʻliq. Shunday qilib xursandchilik bilan qabul qilishyapti.

Asosan bitiruvchi sinflar jalb qilinadi, chunki ularning chaqiruvga tayyorlash, mehnat darslari bor. Aytaylik, bir oy davomida shu darslar 20 yoki 50 soatni tashkil qilsa, shu “raspisaniye”larga moslashtirgan holda borib kelsa, boʻladi. Albatta, bu bir tomonning aytgani bilan boʻlib qolmaydi, bunda chegara qoʻshinlari, Mudofaa, Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlari va undan keyin Yoshlar ishlari agentligi boshqarmasining ishtiroki bor. Shunga qarab, shular bilan hamjihatlik, hamkorlikda koʻrib chiqib tashkil qilinadi.

Bundan keyin yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash boʻyicha 3 kunlik armiyaga olib boringlar degan topshiriq yoʻq, lekin olib borib, koʻrsatib, yaqindan tanishtirish, xalq va armiya yakdilligini taʼminlash degan bandlar bor”,– deydi u.

Ibrohimovga koʻra, ayni amaliyotning natijasi ijobiy boʻlgan, bundan barcha – oʻqituvchi, ota-ona, yoshlar xursand.

 

 

Ota-onalar [ichida] birorta norozilik bildirganlari yoʻq. Hammasi qoʻllab-quvvatladi, indamay turgani ham yoʻq. 100 foizi “qilinglar, yana qilinglar, har oy qilinglar kerak boʻlsa” deyishyapti.

Oʻqituvchilarga ham maʼqul. Oʻquvchisi borib kelsa, taassurotlar almashadi. Yanayam dunyoqarashi kengayadi, tasavvuri oshadi. [Oʻquvchilarning] darslarda oʻtirishi, oʻqituvchi bilan oʻrtasidagi hurmat oshadi, bunga xizmat qilyapti. Amaliyot isbotlab berdi shuni. Armiyaga borib kelgandan keyin maktabga boʻlgan munosabatda ham keskin oʻzgarish bor”, – dedi matbuot kotibi.

Uning qoʻshimcha qilishicha, maktab maʼmuriyatiga toʻgʻri kelsa, oʻquvchi va ota-onalarga yoqsa, bu amaliyot yana davom ettiriladi. Buning uchun hokimiyat tayyor ekani, takliflar berilishini maʼlum qildi. 

 

Bunday tadbirlar belgilangan dars mashgʻulotlari hisobidan amalga oshirilishi maqsadga muvofiq emas” – MMTV

 

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining rasmiy munosabatiga ko‘ra, vazirlik yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan tadbirlarni qoʻllab-quvvatlaydi, ammo dars vaqtida amalga oshirilishini oqlamaydi.

 

 

Bunday tadbirlar belgilangan dars mashgʻulotlari hisobidan amalga oshirilishi maqsadga muvofiq emas. Andijondagi holat vazirlik tomonidan nazoratga olindi va oʻquvchilar dars paytida boshqa jarayonlarga jalb etilmasligi yuzasidan koʻrsatma berildi. Harbiy qismlar faoliyati bilan tanishtirilgan oʻquvchilarga oʻtilmay qolgan saboqlar oʻrnini qoplash maqsadida maktablarda qoʻshimcha darslar tashkil qilinadi”, – deyiladi izohda.

 

 

Eslatma!  Joriy yil 15-noyabrda “Oʻquvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” prezident qarori imzolangan. Ammo hujjatda 3 kunlik harbiy xizmat haqida soʻz yuritilmagan.

 

 

Qolaversa, “Jasorat maktablari”da oʻquv yili davomida ikki marta harbiy poligonlarda, har chorakda bir marta harbiy qismlarda amaliy mashgʻulotlar olib borilishi belgilangan. Biroq bu band davlat umumtaʼlim maktablariga tegishli ekani qayd etilmagan.

Add a Comment

Your email address will not be published.

Mavzuga oid​

Telegram kanalga a’zo bo’lgan holda yangiliklar to'g'ridan-to'g'ri xabardor bo’ling!

Hamkorlarimiz

По теме

Станьте участником Telegram-канала и будьте в курсе новостей напрямую!

Наши партнеры