2024-yil 8-dekabr — Oʻzbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kun haftaning yakshanba kuniga toʻgʻri keladi.
Mehnat kodeksining 208-moddasiga koʻra, bayram kunlari yakshanbaga toʻgʻri kelsa, dushanba kuni dam olish kuniga qoʻshib beriladi.
Dam olish kuni ishlanmaydigan bayram kuniga toʻgʻri kelgan taqdirda, dam olish kuni bayramdan keyingi ish kuniga koʻchiriladi. Bunda ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat koʻrsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari toʻxtatib qoʻyish mumkin boʻlmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari koʻchirilmaydi.
Shunga koʻra, bayram arafasida dam olish kunlari quyidagicha boʻladi:
7-dekabr, shanba – haftasiga 6 kun ishlaydiganlar uchun ish kuni, 5 kunliklar uchun dam olish kuni;
8-dekabr, yakshanba – bayram kuni, barchaga dam olish kuni;
9-dekabr, dushanba – barchaga qoʻshimcha dam olish kuni;
10-dekabr, seshanba – barchaga ish kuni.
