Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish va o‘quvchilarni o‘z huquqlaridan xabardor qilish maqsadida maktablar uchun maxsus ko‘rgazmali posterlar ishlab chiqildi. Hozirda ushbu materiallar respublikadagi deyarli barcha davlat umumta’lim maktablariga joylashtirilmoqda.
Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani), BMTning Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) hamda qator mas’ul idoralar hamkorligida “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyatini o‘quvchilarga tushuntirishga qaratilgan maxsus posterlar tayyorlangan.
Ushbu ko‘rgazmali materiallarda bolalarga o‘z huquqlari, zo‘ravonlikning turli shakllari va bunday holatlarga duch kelganda qayerga hamda qanday murojaat qilish mumkinligi haqida ma’lumot beriladi.
Shuningdek, ta’lim mas’ullariga bola zo‘ravonlikka uchragan holatda qanday harakat qilish kerakligi bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilgan.
Hozirda posterlarni o‘quvchilar uchun qulay va ko‘rinarli joylarga joylashtirish ishlari respublikaning deyarli barcha davlat umumta’lim maktablarida olib borilmoqda.
Quyida maktablarda joylashtirilayotgan maxsus ko‘rgazmali materiallar bilan tanishishingiz mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonliklar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi Senat tomonidan ma’qullanganligi haqida xabar bergan edik. Shuningdek, bolalarga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan taʼlim tashkiloti xodimlariga bolalar bilan ishlashiga cheklov qoʻyiladi.






