Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining tegishli buyrug‘i bilan Nosirova Saodat Abdullayevna Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori etib tayinlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Nosirova Saodat Abdullayevna 1978-yilda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. U sharqshunos-filolog-xitoyshunos, filologiya fanlari nomzodi.
U Buxoro davlat universiteti, Pekin chet tillar instituti hamda Toshkent davlat sharqshunoslik institutida tahsil olgan. Shu bilan birga, filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega.
1995-yilda Buxoro davlat universitetining Roman-german tillari fakulteti ingliz filologiyasi bo‘limiga o‘qishga kirgan. 1996–1999-yillarda o‘qishini Xitoy Xalq Respublikasidagi Pekin chet tillar institutining xitoy filologiyasi bakalavriatida davom ettirgan.
1999-yilda Pekin chet tillar institutini tamomlagan. Keyinchalik Toshkent davlat sharqshunoslik institutida tahsilini davom ettirgan. 2001-yilda TDSHIning Xitoy filologiyasi bo‘limi bakalavriatini, 2003-yilda esa lingvistika magistraturasini tamomlagan.
2000–2004-yillarda O‘zbekiston davlat teleradiokompaniyasining “Osiyo” bosh boshqarmasi xorijiy davlatlarga eshittirishlar bo‘limida xitoy tili suxandoni sifatida faoliyat yuritgan.
2003–2006-yillarda Toshkent davlat sharqshunoslik institutida aspiranturada tahsil olgan. Keyinchalik mazkur oliy ta’lim muassasasida o‘qituvchi sifatida ish boshlagan, 2008-yildan katta o‘qituvchi lavozimida faoliyat yuritgan.
2010–2012-yillarda kafedra mudiri, 2012–2014-yillarda Uzoq Sharq va Janubiy Osiyo tillari fakulteti dekani lavozimlarida ishlagan.
2014-yildan buyon Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi Konfutsiy nomidagi O‘zbek-Xitoy instituti direktori lavozimida faoliyat yuritgan.
Endi esa Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining tegishli buyrug‘iga muvofiq Nosirova Saodat Abdullayevna Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori etib tayinlandi.
