Ijtimoiy tarmoqlarda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi qabulxonasidagi fuqarolar aks etgan video “yaqinda sodir bo‘lgan voqea” mazmunida tarqalgan. Vazirlik holat joriy yilning may oyida yuz berganini va fuqaroning murojaati belgilangan tartibda ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi.
“Antikorrupsiya” kanalida “Ta’lim vazirligida kimlar ishlaydi?” sarlavhasi ostida videolavha tarqaldi. Unda “Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi qabulxonasiga yaqinda borgandik, odamlar ko‘chada yotibdi” mazmunidagi fikrlar bildirilgan.
Vazirlik mazkur videoxabar yuzasidan munosabat bildirib, videoda aks etgan holat joriy yilning may oyida sodir bo‘lganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, fuqaroning murojaati vazirlik mas’ullari tomonidan belgilangan tartibda o‘rganilgan va unga tegishli tushuntirishlar berilgan. Mazkur holat yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar ham vazirlikda mavjud.
Vazirlikka ko‘ra, bir necha oy avval sodir bo‘lgan holatni “yaqinda bo‘lgan voqea” sifatida taqdim etish jamoatchilikni chalg‘itishi mumkin. Shu sababli axborot tarqatishda voqeaning sanasi, mazmuni va haqqoniyligini tekshirish muhimligi ta’kidlangan.
Vazirlik tanqid va murojaatlarni rad etmasligini bildirdi
Munosabatda so‘nggi vaqtlarda maktabgacha va maktab ta’limi tizimi faoliyatiga oid asosli va asossiz tanqidlar, kontekstdan uzib olingan holatlar hamda eski videolarni yangi voqeadek taqdim etish holatlari ko‘payayotgani qayd etilgan.
Biz tanqid va jamoatchilik fikrini rad etmaymiz. Aksincha, asosli murojaat va tanqidlar tegishli tartibda o‘rganilishi zarur va o‘rganilmoqda. Biroq haqiqatga asoslanmagan, bir tomonlama yoki ataylab noto‘g‘ri talqin qilingan axborot tarqatish ta’lim tizimiga, unda mehnat qilayotgan minglab fidoyi ustoz va mutaxassislarning sha’niga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Axborot maydonidagi har qanday xabarni tekshirmasdan tarqatish, eski tasvirlarni yangi voqea sifatida ko‘rsatish yoki biror tizim haqida salbiy tasavvur uyg‘otishga xizmat qiladigan axborot oqimiga ergashish jamoatchilik manfaatiga xizmat qilmaydi.
Shu munosabat bilan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini axborot tarqatishda xolislik, mas’uliyat va jurnalistik-axloqiy me’yorlarga amal qilishga, tekshirilmagan ma’lumotlarga berilmaslikka hamda turli axborot xuruji va sun’iy shov-shuvlarga qo‘shilmaslikka chaqiramiz, — deyiladi munosabatda.
Avvalroq, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan brifing bo‘lib o‘tgan edi. Unda 2026-yil davomida vazirlik tizimiga kelib tushgan jami 36 650 ta murojaatlarni qanday hal etilganligi haqida ma’lumot berilgan.
