O‘zbekistonda xodimlarga har yili kamida 21 kalendar kunlik asosiy mehnat ta’tili beriladi. Ayrim toifadagi xodimlar uchun esa ta’til muddati 27 yoki 30 kalendar kungacha etib belgilangan.
Mehnat kodeksining 217-moddasiga ko‘ra, xodim har yili kamida 21 kalendar kun asosiy mehnat ta’tiliga chiqish huquqiga ega. Bu umumiy tartibda belgilangan eng kam ta’til muddatidir.
Biroq barcha xodimlar uchun ta’til davomiyligi bir xil emas. Mehnat kodeksining 218-moddasiga muvofiq, ayrim toifadagi xodimlarga har yilgi asosiy uzaytirilgan mehnat ta’tili beriladi.
Jumladan:
- 18 yoshgacha bo‘lgan xodimlar — 30 kalendar kun;
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlar — 30 kalendar kun;
- davlat hokimiyati va respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlari — 27 kalendar kun.
Biroq bundan xodimlarning ayrim toifalari uchun qonunda har yilgi asosiy uzaytirilgan taʼtilning uzoqroq davomiyligi belgilangan hollar mustasno.
Ayrim kasb va toifalar uchun ta’til muddati boshqacha
Qonunchilikda ayrim xodimlarning mehnat vazifalari, faoliyatining o‘ziga xos jihatlari va boshqa holatlar hisobga olinib, ular uchun ham asosiy uzaytirilgan mehnat ta’tili belgilanishi mumkin.
Bunday ta’til olish huquqiga ega bo‘lgan xodimlar ro‘yxati va ta’tilning davomiyligi tegishli qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
Shuningdek, ish beruvchi qonunchilikda belgilangan muddatdan ko‘proq mehnat ta’tili berishi ham mumkin. Buning uchun tegishli tartiblar jamoa kelishuvi, jamoa shartnomasi, ichki hujjatlar yoki mehnat shartnomasida nazarda tutilishi mumkin.
Avvalroq, ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan bir kun dam olinishi haqida xabar berilgandi.
