Kanadada joylashgan University of Toronto (Toronto universiteti) 2027-yil sentabrda boshlanadigan bakalavr kurslari uchun Lester B. Pearson International Scholarship Program grant dasturini taklif etadi.
Bakalavrlik kurslari va ushbu grantga qabul jarayonlari 2026-yil 6-iyuldan 9-oktyabrgacha davom etadi.
Mazkur grant dasturi aʼlo akademik yutuqlarni qayd etgan, kreativ va oʻz taʼlim muassasasida yetakchi sifatida tan olingan xalqaro talabalar uchun moʻljallangan. Oʻz taʼlim muassasasi va jamiyati hayotiga hissasini qoʻsha olgan, kelajakda global hamjamiyatga ham ijobiy jihatdan hissa qoʻshish potensialiga ega ekanlik xususiyatlariga alohida urgʻu beriladi.
Lester B. granti Toronto Universitetining eng nufuzli grant dasturi boʻlib, dastur doirasida har yili taxminan 37 nafar talabaga grant beriladi.
Muhim ma’lumot! Toronto universiteti dunyoning eng nufuzli oliygohlaridan biridir. Jumladan, 2026-yil iyun oyi holatiga koʻra, ushbu universitet dunyodagi eng kuchli oliygohlar roʻyxatida 21-oʻrinda turuvchi, (THE reytinggi boʻyicha) Kanadaning oʻzida esa 1-raqamli oliygoh hisoblanadi.
Grant talabalarga qanday imkoniyatlarni taklif etadi?
Ushbu grantni qoʻlga kiritganlar uchun kontrakt toʻlovi toʻlab beriladi. Shuningdek, kitoblarga ketadigan xarajatlari va qoʻshimcha majburiy toʻlovlar ham qoplab beriladi. Bundan tashqari talabaning 4 yillik o’qish davri davomida turar-joy (yotoqxona) xarajatlari grant doirasida to’lab beriladi.
Ushbu grantni qo’lga kiritish uchun nomzodlar Kanadadan boshqa davlat fuqarosi bo’lishi kerak.
Bundan tashqari, 2026-yilning iyun oyida yoki undan keyin oʻrta taʼlimni tamomlagan boʻlishi kerak. Bundan tashqari, o’zbekistonlik nomzodlardan kamida akademik litsey diplomiga ega boʻlishi ham talab etiladi.
Eslatma! Nomzod Toronto universitetidagi bakalavriat kurslaridan birida 2027-yil sentyabrdan boshlanadigan oʻqishga hujjat topshirishi va qabul qilinishi kerak. Hozirda oliy taʼlim muassasasida tahsil olayotganlar bu grantga topshira olmaydi.
Savollar yuzasidan quyidagi sahifaga murojaat qilishi va qoʻshimcha maʼlumot olish mumkin:
