Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan bolalarning qiziqishlari va individual qobiliyatlarini erta aniqlashga qaratilgan yangi baholash instrumentlari ishlab chiqilib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda dastlabki tajriba-sinovdan o‘tkazildi.
Mazkur mexanizm bolalarni qo‘shimcha ta’limga maqsadli yo‘naltirish , ta’lim jarayonida individual va differensial yondashuvni qo‘llash hamda ularni qobiliyat va qiziqishlaridan kelib chiqib chuqurlashtirilgan ta’limga jalb etishga xizmat qiladi.
Tajriba-sinov ishlari 21–22-sentyabr kunlari Toshkent shahridagi 3 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti va 3 ta umumta’lim maktabida tashkil etildi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining tayyorlov guruhlarida bolalarning aqliy-kognitiv, ijodiy-badiiy, nutqiy va til, xorijiy tillarni o‘rganish bo‘yicha qobiliyatlari hamda ijtimoiy-emotsional ko‘nikmalari testlar, o‘yinlar va amaliy topshiriqlar orqali baholandi.
Umumta’lim maktablarida esa 4-sinf o‘quvchilarining aniq, filologik, tabiiy va san’at fanlari, jismoniy tarbiya hamda xorijiy tillarni o‘rganish bo‘yicha qobiliyatlari, shuningdek, ijtimoiy-emotsional ko‘nikmalari alohida test va amaliy topshiriqlar asosida o‘rganildi.
Baholash natijalari har bir yo‘nalish bo‘yicha 100 ballik shkala asosida aniqlanib, uch darajaga ajratiladi: boshlang‘ich — 0–40 ball, rivojlanayotgan — 41–70 ball va yuqori — 71–100 ball.
Tadqiqotning muhim jihatlaridan biri — bolaning qobiliyatlari faqat test natijalari bilan cheklanib qolmasdan, pedagoglarning tizimli kuzatuvlari bilan uyg‘un holda baholanishidir. Shu maqsadda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyachilar, 4-sinflarda esa o‘qituvchilar bolalarning o‘yinlar va amaliy topshiriqlardagi faoliyati asosida K–B–T–D shkalasi bo‘yicha so‘rovnoma to‘ldiradi.
Diagnostik baholash va pedagogik kuzatuv natijalarini birgalikda tahlil qilish orqali bolaning qaysi yo‘nalishlarda qobiliyati nisbatan yuqori ekanini aniqlash, uning individual rivojlanish yo‘nalishlarini belgilash va mavjud salohiyatini maqsadli rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Dastlabki tajriba-sinov yakunlari asosida topshiriqlarning sifati va samaradorligi tahlil qilinib, baholash instrumentlari yanada takomillashtiriladi.



