Endi ota-onalar farzandining maktabdagi baholarini onlayn kuzatishi mumkin

Endi ota-onalar farzandining maktabdagi baholarini onlayn kuzatishi mumkin

Endilikda my.gov.uz portali orqali ota-onalar umumiy o‘rta ta’lim maktabida tahsil olayotgan farzandining o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari hamda u ta’lim olayotgan maktab haqidagi ma’lumotlarni masofadan olishlari mumkin.

 

Buning uchun my.gov.uz portalidagi shaxsiy kabinetning “Mening oilam” bo‘limiga kirib, farzand haqidagi ma’lumotlar yonidagi “Maktab ma’lumotlari” tugmasini tanlash kerak.

 

Mazkur xizmat orqali farzandning o‘quv natijalari, jumladan:

 

— har bir fan boʻyicha joriy baholari va oʻrtacha koʻrsatkichlari;

— sinfga oid va umumiy baholar statistikasi haqida ma’lumot olish mumkin.

 

Shuningdek, farzand ta’lim olayotgan maktab haqida ham ma’lumot beriladi. Jumladan, ta’lim muassasasining nomi va manzili, maktabdagi o‘quvchilar hamda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar sonini ko‘rish mumkin.

 

Bundan tashqari, tez orada my.gov.uz portalida farzandlarning maktabdagi davomati haqida real vaqt rejimida ma’lumot olish imkoniyati ham ishga tushirilishi ma’lum qilingan.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘quvchini xorijga ketishi munosabati bilan maktab safidan chiqarish endi onlayn amalga oshirilishi haqida xabar bergan edik.