O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Koreya Respublikasi Ta’lim vazirligi o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan Anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat innovatsion va raqamli ta’lim, pedagoglar malakasini oshirish hamda mutaxassislar almashinuvini rivojlantirishni nazarda tutadi.
14-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon huzurida ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi boʻlib oʻtdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Koreya Respublikasi Ta’lim vazirligi o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.
Memorandumga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish doirasida quyidagi yo‘nalishlarda ish olib boriladi:
— innovatsion va raqamli taʼlim: Sunʼiy intellekt (AI), STEM-taʼlim, raqamli texnologiyalar va maktabgacha taʼlim sohasida tajriba almashish hamda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish;
— taʼlim muassasalari va pedagoglar oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni kengaytirish, pedagoglar malakasini oshirish dasturlarini tashkil etish;
— Oʻzbekiston va Koreya maktablarida koreys va oʻzbek tillarini oʻqitishni rivojlantirish;
— Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan olimpiadalar tizimida koreys tiliga rasmiy fan maqomini berish va olimpiadalarni birgalikda tashkil etish boʻyicha hamkorlik qilish;
— ikki tomonlama mutaxassislar almashinuvini qoʻllab-quvvatlash masalalari oʻrin olgan.
Besh yil muddatga tuzilgan memorandum ikki mamlakatning ta’lim sohasidagi hamkorligini yanada rivojlantirishni ko‘zda tutadi.
