Tibbiyot OTMlariga qabul kvotalari hududlar va tibbiyot muassasalarining ehtiyojidan kelib chiqib belgilanadi. Davlat buyurtmasini esa endi Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlaydi.
Bundan 2 kun avval Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash, ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda uzluksiz kasbiy taʼlim tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishgan edi.
Taqdimotda, tibbiyot oliygohlariga qabul parametrlari hududlar va tibbiyot muassasalarining real ehtiyoji, kadrlar yetishmovchiligi asosida shakllantirilishi ko‘rsatilgan. Shuningdek, endi tibbiyot oliygohlari uchun davlat buyurtmasi yoʻnalishlar kesimida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Taqdimotning eng muhim qismi“Davolash ishi” yo‘nalishi o‘rniga 6 yillik “Umumiy tibbiyot” yo‘nalishi joriy etilishi bo‘ldi.
Bundan tashqari, endi tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun yagona elektron reyestr yaratiladi. Unda mutaxassislarning ta’limi, malakasi va ish faoliyatiga oid ma’lumotlar jamlanadi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tish 2027-yildan ixtiyoriy, 2030-yildan esa majburiy bo‘lishi taklif qilinmoqda. Kelgusida ro‘yxatdan o‘tmagan mutaxassisga tibbiy yoki farmatsevtik faoliyat bilan shug‘ullanishga ruxsat berilmaydi.
Mutaxassislarning bilimi bosqichma-bosqich imtihon orqali baholanadi. Imtihondan o‘ta olmaganlarga qayta topshirish imkoniyati beriladi.
Yangi tizimga ixtiyoriy ravishda ertaroq qo‘shilgan va imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan xodimlarga qo‘shimcha ustama to‘lash ham rejalashtirilmoqda. Oliy ma’lumotli shifokor va farmatsevtika xodimlariga 5 baravarigacha, o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga esa 2,5 baravarigacha ustama berilishi mumkin.
Bu jarayonlarni tashkil etish uchun alohida markaz tashkil etiladi.
Shuningdek, endi tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun uzluksiz kasbiy ta’lim tizimi takomillashtiriladi. Yangi tizimda mutaxassislar bilim va ko‘nikmalarini muntazam yangilab borishi kerak bo‘ladi.
Ta’lim jarayonlari raqamlashtiriladi, o‘quv dasturlari va ta’lim provayderlari akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Tizim kredit-modul asosida ishlaydi. Oliy ma’lumotli xodimlar yiliga kamida 50 kredit, o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari esa 28 kredit to‘plashi belgilanmoqda.
Mutaxassislar o‘quv dasturi, ta’lim provayderi va o‘qish shaklini o‘zlari tanlashi mumkin bo‘ladi. Bunda onlayn kurslar, masofaviy ta’lim, seminar, trening va ish joyida malaka oshirish kabi shakllardan foydalaniladi.
Xorijda xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan dasturlarda olingan kreditlarni O‘zbekistonda tan olish mexanizmi ham joriy etiladi.
Shuningdek, kasbiy rivojlanish markazi tashkil etilib, u ta’lim sifati va dasturlar akkreditatsiyasini nazorat qiladi.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun: Joriy yilda ham tibbiyot yo‘nalishlariga super-kontrakt asosida qabul amalga oshiriladi.
