O‘zbekistonda 17 ming nafar o‘qituvchi 1 000 AQSH dollaridan ortiq maosh olmoqda

O‘zbekistonda 17 ming nafar o‘qituvchi 1 000 AQSH dollaridan ortiq maosh olmoqda

O‘zbekistonda pedagoglarning mehnatini rag‘batlantirish va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida ish haqidan tashqari to‘lanadigan ustama va qo‘shimcha haqlar soni 2017-yildagi 15 tadan bugungi kunda 40 tadan oshdi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston tarixida ilk bor o‘qituvchilarning ish haqini oshirish ikki bosqichda va tabaqalashtirilgan tartibda amalga oshirilgan.

 

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda pedagoglarni ularning bilimi, kasbiy mahorati va erishgan natijalariga qarab qo‘shimcha rag‘batlantirish imkoniyatlari kengaytirilgan.

 

Jumladan:

 

  • pedagoglarga direktor jamg‘armasi hisobidan 50 foizgacha ustama;
  • fan olimpiadalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan o‘qituvchilarga 150 foizgacha ustama;
  • o‘quvchisi olimpiada g‘olibi bo‘lgan o‘qituvchilarga 200 foizgacha ustama;
  • sifatli ta’limni ta’minlashda ijobiy natijalarga erishayotgan maktab xodimlariga 40 foizgacha ustama;
  • olis hududlarda faoliyat yuritayotgan pedagoglarga ish stajidan kelib chiqib 50 foizgacha ustama;
  • ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda ishlash uchun boshqa hududlardan jalb qilingan pedagoglarga 100 foizgacha ustama;
  • menejerlik sertifikatiga ega maktab direktorlari va ularning o‘rinbosarlariga 50 foizgacha ustama to‘lash tizimi joriy etilgan.

 

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, hozirda qariyb 17 ming nafar o‘qituvchining oylik ish haqi 1 000 AQSH dollaridan ortiq miqdorni tashkil etmoqda.

 

Shuningdek, 15 yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglar uchun ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badalning 25 foizigacha bo‘lgan qismi, 200 milliard so‘mgacha bo‘lgan mablag‘ doirasida qoplab berilishi nazarda tutilgan.

 

Attestatsiya natijasiga ko‘ra 86 va undan yuqori ball to‘plagan pedagoglarga 70 foizgacha ustama to‘lanadi.

 

Bundan tashqari, Vazir jamg‘armasi hisobidan malakali pedagog kadrlar va ilg‘or xodimlarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,5 baravari miqdorida ustama to‘lash imkoniyati ham mavjud.