2026–2027-o‘quv yilida maktablarda sinflarni komplektlash va tarifikatsiya muddatlari belgilandi

2026–2027-o‘quv yilida maktablarda sinflarni komplektlash va tarifikatsiya muddatlari belgilandi

2026–2027-o‘quv yilida umumta’lim maktablarida sinflarni komplektlash va tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish bo‘yicha asosiy ishlarni yakunlash muddatlari belgilandi. Unga ko‘ra, sinflarni o‘quvchilar bilan to‘ldirish va dasturiy majmuada shakllantirish ishlari 15-sentyabrgacha yakunlanishi kerak.

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026-yil 25-avgustdagi ko‘rsatma xatlari bilan 2026–2027-o‘quv yili uchun umumta’lim muassasalarida sinf komplekti va tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar yuborildi.

 

Unga ko‘ra, umumta’lim muassasalarida sinflarni hududiy joylashuvidan kelib chiqib komplektlash va tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish Adliya vazirligida 2020-yil 30-iyunda 3271-son bilan ro‘yxatga olingan Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

 

2026–2027-o‘quv yilida maktablarning mavjud hamda yangidan tashkil etilayotgan sinflarini amaldagi me’yorlar asosida o‘quvchilar bilan to‘ldirish (dasturiy majmuada shakllantirish) hamda iqtisodiyot va moliya bo‘limlari tomonidan tasdiqlash 15-sentyabrgacha amalga oshiriladi.

 

Shuningdek:

 

  • pedagogik kengash tomonidan taqsimlangan dars soatlarini dasturiy majmuada shakllantirish — 17-sentyabrgacha;
  • “UzASBO-2” dasturiy majmuasiga mavjud sinflar va ular asosida tuzilgan tarifikatsiya ro‘yxatlari bo‘yicha ma’lumotlarni kiritish — 20-sentyabrgacha;
  • Umumta’lim muassasalarining “UzASBO-2” dasturiy majmuasi shakllantirilgan tarifkatsiya ro‘yxatlarini tasdiqlash, shuningdek, sinflarni jamlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha umumlashtirilgan (tasdiqlangan) ma’lumotlarni Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga — 25-sentyabrgacha taqdim etilishi kerak.

 

Shuningdek, sinflarni komplektlash va tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirishda budjet mablag‘larini tejash hamda samarasiz xarajatlarni maqbullashtirishga alohida e’tibor qaratilishi belgilangan.

 

Eslatma: Umumta’lim muassasalarida o‘quvchilar soni sinflarni komplektlash ishlar yakuni bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari tomonidan ishchi guruh tuziladi va joriy yilning 1–10-oktyabr kunlari hududlarda o‘rganishlar o‘tkazadi va rahbariyatga tegishli ma’lumotlar kiritiladi.

 

Qo‘shma xat — Faylni yuklash

 

Avvalroq, maxsus maktablar va maktab-internatlarda sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya qilish bo’yicha yangi tartib ishlab chiqilgani haqida xabar bergan edik.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish