2026-2027 o‘quv yilida o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar rejasi hamda psixologning yillik ish rejasi tasdiqlandi.
MMTVning 2026-yil 6-avgustdagi Maktabgacha va umumiy oʻrta ta’lim tashkilotlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish toʻgʻrisidagi 288-sonli buyrug‘i qabul qilindi.
Unga ko‘ra, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tadbirlar qisqa, harakatli, koʻrgazmali va oʻyin faoliyatiga asoslangan boʻlishi, bolalarni uzoq vaqt bir holatda turishga, kutishga yoki murakkab matnlarni yodlashga majbur qilmasligi lozim.
Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida tadbirlar bolalarning yoshiga qarab ijodiy topshiriqlar, muhokama, loyiha, intellektual oʻyin, musobaqa, debat va boshqa interaktiv usullar asosida tashkil etiladi. Tadbirlarni uzoq davom etadigan maʼruzalar, ketma-ket tabrik nutqlari yoki bolalarning faqat passiv tomoshabin sifatida ishtirok etishiga asoslangan shaklda oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Alohida taʼlim ehtiyojlariga ega bolalarning ishtirok etishi uchun zarur tashkiliy, pedagogik, texnik va kommunikatsion sharoitlar yaratiladi.
Tadbirning davomiyligi bolalarning yoshi, kun tartibi, taʼlim yuklamasi va dam olish ehtiyojlarini hisobga olgan holda belgilanadi. Bunda:
– kichik guruh tarbiyalanuvchilari uchun – 25 daqiqadan;
– oʻrta guruh tarbiyalanuvchilari uchun – 30 daqiqadan;
– katta guruh tarbiyalanuvchilari uchun – 35 daqiqadan;
– maktabga tayyorlov guruhi tarbiyalanuvchilari uchun – 40 daqiqadan;
maktab yoshidagi bolalar uchun:
– 1-4-sinf oʻquvchilari uchun – 45 daqiqadan;
– 5-9-sinf oʻquvchilari uchun – 60 daqiqadan;
– 10-11-sinf oʻquvchilari uchun – 90 daqiqadan oshmasligi lozim.
Uzoq davom etadigan tadbirlarda bolalarning dam olishi, suv ichishi va fiziologik ehtiyojlarini qondirishi uchun tanaffuslar tashkil etiladi.
Tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish jarayonida bolalarni taʼlim mashgʻulotlaridan asossiz ravishda ajratish, dam olish va ovqatlanish vaqtini cheklash, uzoq yoki ketma-ket majburiy repetitsiyalar oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazishda quyidagilarga yoʻl qoʻyilmaydi:
- bolalarni kamsitish, haqorat qilish, uyaltirish, qoʻrqitish, mazax qilish, jazolash yoki oʻzaro salbiy taqqoslash;
- bolaning tashqi koʻrinishi, qobiliyati, sogʻligʻi, oilaviy yoki ijtimoiy holati yuzasidan uning qadr-qimmatiga putur yetkazadigan izohlar berish;
- bolalarning yoshiga mos boʻlmagan, zoʻravonlik, shafqatsizlik, oʻz joniga qasd qilish, kamsitish, ekstremizm, giyohvandlik, tamaki yoki alkogolni targʻib qiluvchi materiallardan foydalanish;
- bolalarda qoʻrquv, vahima yoki kuchli ruhiy zoʻriqishni keltirib chiqaradigan usullarni qoʻllash;
- pirotexnika, ochiq olov, portlovchi moddalar va sogʻliq uchun xavfli jihozlardan foydalanish;
- bolalarni mablagʻ yigʻish, majburiy xaridlar, reklama, tijorat yoki siyosiy targʻibot ishlariga jalb qilish;
- sanitariya-gigiyena va xavfsizlik talablariga javob bermaydigan joylarda tadbir oʻtkazish;
- bolalarning taʼlim olish, dam olish va ovqatlanish vaqtini asossiz cheklash.
Buyruqqa ilovalar:
- Maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida maʼnaviy-maʼrifiy,madaniy hamda koʻngilochar tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi — 1-ilovaga muvofiq;
- Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida 2026-2027-oʻquv yilida oʻtkaziladigan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarning namunaviy ish rejasi — 2-ilovaga muvofiq;
- Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida 2026-2027-oʻquv yilida oʻtkaziladigan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarning namunaviy ish rejasi — 3-ilovaga muvofiq;
- Maktabgacha ta’lim tashkilotlari psixologining 2026-2027-oʻquv yili uchun namunaviy ish rejasi — 4-ilovaga muvofiq;
- Umumiy oʻrta taʼlim maktablari psixologining 2026-2027-oʻquv yili uchun namunaviy ish rejasi — 5-ilovaga muvofiq;
- Umumiy oʻrta taʼlim maktablari o‘quvchilarining milliy ohanglar orqali tinglash madaniyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan o‘zbek milliy mumtoz navolarining haftalik taqsimoti — 6-ilovaga muvofiq.
Buyruq va ilovalar — Fayllarni yuklash
Ushbu tartib talablariga rioya etilishini taʼminlash taʼlim tashkiloti rahbari zimmasiga yuklanadi.
Tadbirni tashkil etishda ishtirok etgan pedagog, psixolog, tibbiy xodim va boshqa masʼul shaxslar oʻz vazifalari doirasida Tartib talablariga rioya etilishi uchun javobgar hisoblanadi.
Avvalroq, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 2026–2027-o‘quv yiliga mo‘ljallangan variativ o‘quv rejalari tasdiqlangani haqida xabar bergan edik.
