Bir qancha davlat oliy taʼlim muassasalari joriy oʻquv yili uchun super-kontrakt miqdorlarini eʼlon qilishni boshladi. Xoʻsh, yetmagan balliga qarab, abituriyentlar qancha super kontrakt toʻlaydi?
Hukumatning 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-son qarori abituriyentlarni davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi belgilangan.
Unga koʻra, Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan minimal balldan kam boʻlmagan va asosiy qabul chegaralariga 4 ballgacha yetmagan abituriyentlar orasidan ballar ketma-ketligiga qatʼiy rioya qilingan holda amalga oshiradi.
Bunda toʻlov-kontrakt miqdori amalda oʻrnatilgan bazaviy toʻlov-kontrakt miqdoriga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
– 1,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorining 1,5 barobari;
– 1,06 balldan 2,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorining 2,0 barobari;
– 2,06 balldan 3,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorining 2,5 barobari;
– 3,06 balldan 4,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorining 3,0 barobarida kontrakt toʻlab, oʻqishga kirishi mumkin.
4,06 ball va undan koʻproq ball yetmagan, ammo 56,7 balldan yuqori ball olganlar qancha kontrakt toʻlaydi?
Hukumatning tegishli qaroriga koʻra, kirish imtihonlarida toʻplagan ballari minimal balldan kam boʻlmagan, belgilangan qabul parametrlari doirasida hamda qoʻshimcha qabul asosida qabul qilinmagan abituriyentlarga birinchi oʻquv yilida amalda oʻrnatilgan toʻlov-kontrakt miqdoriga nisbatan oliy taʼlim tashkiloti rektori tomonidan belgilanadigan tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdorida toʻlovni amalga oshirish sharti bilan oʻqishga kirish huquqi beriladi.
Yaʼni, 4,06 va undan koʻproq ball yetmagan, lekin minimal oʻtish ballidan yuqori ball toʻplagan abituriyentlar uchun tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt Oliy taʼlim muassasalari rektorlari tomonidan mustaqil belgilanadi.
Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatlarda ushbu miqdorlar boʻyicha toʻlov-kontrakt shartlarining birinchi oʻquv yili uchun kamida 50 foizi bajarilgandan soʻng abituriyent oliy taʼlim tashkiloti rektorining buyrugʻi bilan oʻqishga qabul qilinadi.
Eslatma! 2026-2027 o‘quv yili uchun super-kontrakt narxi va tartiblari hozircha tasdiqlangani yo‘q. Tasdiqlangach, bu haqda qo‘shimcha xabar beramiz.
