Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Tursunzoda shahriga ishchi tashrifi chog‘ida mas’ullarga o‘zbek tilida so‘zlashuvchi aholi uchun o‘zbek tilida ta’lim beradigan muassasalarni qurish hamda ularni ona tilidagi darslik va o‘quv materiallari bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda “Ховар” milliy axborot agentligi xabar berdi.
Joriy yil 14-avgust kuni Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Tursunzoda shahridagi 21-sonli umumta’lim muassasasining ochilish marosimida qatnashib, undagi qurilish ishlarini yuqori baholadi. U mas’ullar va pedagoglarni ta’lim-tarbiya darajasi va sifatini oshirishga yanada mas’uliyat bilan yondashishga chaqirdi.
Ma’lum qilinishicha, davlat rahbari o‘zbekzabon aholi uchun ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan ta’lim muassasalari qurishni hamda ularni o‘zbek tilidagi darslik va o‘quv materiallari bilan ta’minlash topshirig‘ini bergan.
Prezident pedagoglar bilan suhbatda zamonaviy fanlarni rivojlantirish, yangi texnika va texnologiyalardan samarali foydalanish, tabiiy, aniq va matematika fanlari hamda xorijiy tillarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Tursunzoda shahrida 132 ta umumta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ularda 78 863 nafardan ortiq o‘quvchi ta’lim va tarbiya olmoqda.
Tojikiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligini munosib nishonlashga tayyorgarlik doirasida shaharda 24 ta ta’lim muassasasini qurish va foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Hozirgacha ularning 19 tasi foydalanishga topshirilgan bo‘lib, yangi o‘quv binolari jami 8 185 o‘ringa mo‘ljallangan.
Avvalroq, Tojikistonda 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni butunlay taqiqlash taklif qilingani haqida xabar bergan edik.
