2026/2027-oʻquv yili uchun talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar oʻqishni rasmiylashtirish uchun OTMga tegishli hujjatlarni taqdim etishi kerak. Bunda davlat va nodavlat OTMlarda hujjatlarni topshirish tartibi farq qilishi mumkin.
Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilingan birinchi kurs talabalaridan taʼlim muassasasiga quyidagi hujjatlarni topshirishi talab qilinadi.
1. Rektor nomiga ariza;
2. Pasport nusxasi (asli koʻrsatilgan holda);
3. Diplom yoki attestat (ilovasi bilan birga) asl nusxasi;
4. Til bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikat asli (agar boʻlsa);
5. 3,5×4,5 foto 12 ta;
6. Hujjatlar yigʻma jildi (papka skorosshivatel);
7. Konvert A5 formatida;
8. Talabalar turar joyi (sharoiti ogʻir va kam taʼminlanganligini tasdiqlovchi hujjati bor talabalar uchun) ariza (kerak boʻlsa);
9. Imtiyoz asosida talabalikka tavsiya etilganlar uchun (imtiyoz beruvchi hujjatning asli, agar boʻlsa).
Hujjatlarni topshirish uchun oʻqish boshlanishidan oldin alohida OTMga borish shart emas. Talabalikka tavsiya etilganlar hujjatlarini oʻqish boshlangach, OTMga borganida oʻzi bilan olib borib topshirishi mumkin. Bunda ariza yozish uchun OTM tomonidan tegishli namuna taqdim etiladi.
Nodavlat OTMlarda esa hujjatlarni topshirish tartibi va talab qilinadigan hujjatlar roʻyxati boshqacha boʻlishi mumkin. Shu sababli nodavlat oliygohga oʻqishga qabul qilingan abituriyentlarga hujjatlarni topshirish tartibini oʻzi kirgan OTMdan aniqlashtirish tavsiya etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1-kursga qabul qilinganlar yotoqxonaga qachondan ariza topshirishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.
