Sharqiy Hindistondagi Jharkhand shtatida davlat xizmati imtihonlaridagi ehtimoliy qonunbuzarliklarga qarshi namoyishga chiqqan minglab yoshlarni tarqatish uchun politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz, tayoq va suv purkagichlardan foydalandi. Bu holat televideniye tasvirlarida aks etgan.
Joriy yilning may oyida oʻtkazilgan imtihondan soʻng savollar oldindan sizdirilgani hamda ayrim hududlarda noqonuniy ravishda sotilgani haqidagi maʼlumotlar tarqalgandi. Shundan soʻng hukumat imtihon natijalarini bekor qilib, testni qayta oʻtkazishga qaror qilgani haqida mahalliy OAV ma’lumotiga tayanib xabar bergan edik.
Joriy yilning 10-avgust kuni Hindistonning sharqidagi Jarkhand shtatida ishga qabul qilish imtihonlarini isloh qilishni talab qilgan namoyishchilarga qarshi politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatdi.
Minglab talabalar, ish izlovchilar va ko‘ngillilar noroziliklarini bildirish uchun shtat poytaxti Ranchi shahridagi qonunchilik majlisiga yetib borishga harakat qilgan.
BBC nashrining yozishicha, ayrim namoyishchilarning jarohatlanganini ko‘rgan, biroq jarohatlanganlar soni bo‘yicha rasmiy ma’lumot hozircha mavjud emas.
Namoyishchilar Jarkhanddagi davlat imtihonlari tizimini tubdan isloh qilishni talab qilib, 2 haftadan ortiq vaqt davomida norozilik namoyishlari o‘tkazmoqda.
Rasmiylarning ma’lum qilishicha, 10-avgust kuni namoyishchilarning ayrimlari politsiya to‘siqlaridan o‘tishga uringan. Shundan so‘ng politsiya ularni tarqatish uchun suv purkagichlar, tayoqlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan.
Ranchi shahar politsiyasi boshlig‘i Paras Rana ANI axborot agentligiga namoyishchilarning aksariyati tinch bo‘lganini, biroq kichik bir guruh to‘siqlarni buzib o‘tib, politsiya xodimlariga tosh otganini aytgan. Uning ma’lum qilishicha, uch nafar politsiyachi jarohatlangan.
Talabalarning qariyb 90 foizi sokin, biroq ayrimlari hatto o‘z vakillarining gaplariga ham quloq solmayapti, — degan u.

Shahar politsiyasi boshlig‘ining aytishicha, politsiya namoyishchilar talabalar ekanini inobatga olib, vazminlik bilan harakat qilgan va “juda qisqa vaqt davomida minimal kuch” ishlatgan. U talabalarni tinchlikni saqlashga chaqirib, ularning talablari hukumatga yetib borayotganini ta’kidlagan.
Siyosiy partiya bo‘lmagan “Cockroach Janta Party” (CJP) 25-iyul kuni besh hafta davom etgan namoyishini Ta’lim vaziri Dharmendra Pradhan iste’foga chiqqanidan so‘ng to‘xtatgan edi.
Ushbu partiya Hindistonning turli shtatlarida yashovchi talabalarning qo‘llab-quvvatlashiga ega bo‘lgan.
Ayni paytda Ranchida olingan videolarda xavfsizlik choralari kuchaytirilgani, ko‘chalarda minglab namoyishchilar, politsiya xodimlari va OAV vakillari to‘plangani ko‘rinadi. Politsiyaning ularni tarqatishga urinishlariga qaramay, hududda katta olomon saqlanib qolgan.
Jarkhanddagi namoyishchilar joriy yil 25-iyuldan buyon Ranchi shahridagi stadionda yig‘ilib kelmoqda. Ayrimlari ochiq havoda tunagan, yana bir necha kishi ochlik e’lon qilgan.
Hukumat bilan bir necha bor muzokaralar o‘tkazilgan va ayrim talablar qabul qilingan bo‘lsa-da, namoyishchilar barcha talablari bajarilmaguncha noroziliklarni davom ettirishlarini aytmoqda.


Noroziliklarning bevosita sababi Jarkhand Davlat xizmati komissiyasi (JPSC) tomonidan aprel oyida o‘tkazilgan dastlabki davlat xizmati imtihoni bo‘lgan. Iyul oyida natijalar e’lon qilinganidan so‘ng nomzodlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan javob varaqalarida ayrim muvaffaqiyatli nomzodlar kutilganidan ancha kam savollarga javob bergani aks etganini da’vo qilgan.
Bu esa imtihon natijalari o‘zgartirilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi shubhalarni kuchaytirgan.
Shtat hukumati talabalarga adolat qaror topishini va’da qilgan. Imtihon bilan bog‘liq ayblovlar Jarkhand Jinoyatlarni tergov qilish departamenti (CID) tomonidan o‘rganilmoqda. Hozirgacha o‘ndan ortiq kishi hibsga olingan.
Biroq namoyishchilar bir qator talablari hanuz bajarilmaganini aytmoqda. Ularning asosiy talablaridan biri — imtihondagi qonunbuzarlik va kamchiliklarni Hindistonning asosiy federal tergov organi — Markaziy tergov byurosi (CBI) tomonidan tekshirilishi ekanligi bildirilgan.
Avvalroq, 2025-yil noyabr oyida o‘zbek talabalari uchun Hindiston OTMlarida kvotalar soni oshirilishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.
